Yer bilan osmoncha farqi bor – Shavkat Mirziyoyev o‘zining oldingi va rahbarlarning hozirgi maoshi haqida
Jamiyat
−
26 dekabr 2025 9000 2 daqiqa
O‘zbekistonda rahbar lavozimda ishlovchi davlat xizmatchilarining maoshlari oshirilgan, shuning uchun ularning ish natijalari uchun mas’uliyat ham oshgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llayotgan murojaatnomasida so‘z ochdi.
Shavkat Mirziyoyev komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat kuchaytirilishini ma’lum qildi.
“Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir! Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz”, deydi davlat rahbari.
Barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu rahbarlar – tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, shuningdek, byudjet mablag‘i talon-toroj bo‘lishi va mansabni suiiste’mol qilish holatlarini oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatadi va Prezident oldida hisobot beradi.
“Lavozimim, unvonim bor, menga hech kim tegmaydi”, deganlar adashadi. Qonun oldida hamma teng! Xavfsizlik xizmati, ichki ishlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank, yirik davlat kompaniyalari, vazirlik va hokimliklar, bir so‘z bilan aytganda, birorta idora va tashkilot nazoratdan chetda qolmaydi. Komplayens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar korrupsiyaga sherik deb baholanadi va javobgarlik shunga mos holda bo‘ladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Prezident rahbarlik lavozimidagi amaldorlarining maoshi tartibga solinganini ham aytib o‘tdi.
“Men hamma rahbarlarning, eng oxirida tuman hokimlarining ham oyligini ko‘paytirib berganman. Men ham tuman hokimi bo‘lganman, viloyat hokimi bo‘lganman, bosh vazir bo‘lganman. Meni oyligim bilan hozirgi rahbarlarnikining yer bilan osmoncha farqi bor. Shuning uchun hammamiz shukr deb ishlashimiz kerak. Bu gaplarni oylikni to‘g‘rilab bermaganimda aytmagan bo‘lardim. Hamma hozirgi yangi tizimdan rozi bo‘lishi kerak. Vazir ham, hokim ham, tizimdagi hamma kattakonlar ham”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatnomasida O‘zbekiston bugun yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, ma’naviy munosabatlar asosida yashab, mehnat qilayotgan, mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanayotganini aytib o‘tgan edi.
Live
Barchasi