YeOIIga a’zolik ham foyda bermayapti. Qirg‘iziston migrantlari uchun Rossiyaga nota yubordi
Olam
−
18 fevral 2022
11042Qirg‘iziston hukumati Rossiyadan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo mamlakatlardan kelgan mehnat muhojirlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibini osonlashtirish uchun shart-sharoit yaratishni so‘radi. Bu haqda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchixonasi mamlakatda tibbiy ko‘rikdan o‘tish va daktiloskopik ma’lumotlarni qayd ettirish nazarda tutilgan yangi migratsiya qoidalari kuchga kirgani ortidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga nota yo‘llagan.
“Qirg‘iziston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga YeOIIga a’zo davlatlar fuqarolari uchun Rossiya Federatsiyasining vakolatli muassasalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun alohida yo‘lak ochishga ko‘maklashish iltimosi bilan nota yuborildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi 2021 yilning dekabr oyida Rossiya qonunchiligiga xorijiy mehnat muhojirlarining mamlakatda bo‘lish shartlarini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilganini ham eslatib o‘tgan.
“Rossiya Federatsiyasida chet el fuqarolari, shu jumladan Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolarining tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, shuningdek, barmoq izini qayd etish hamda suratga olishni nazarda tutuvchi yangi migratsiya qoidalari joriy etildi”, deyiladi vazirlik xabarida.
LiveBarchasi