Yong‘inda qolib ketgan odam qutqarildi
Jamiyat
−
25 aprel 2019
5004Jizzax shahar “Madaniyat” mahallasi Sayilgoh ko‘chasi 48-uyning 12-xonadoniga yetib kelgan shahar yong‘in xavfsizligi bo‘limi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi jangchilari yonayotgan xonada qolib ketgan uy egasini qutqarib qoldi.
Yong‘in o‘chirish bo‘linmasi voqea joyiga yetib kelganida xonadon quyuq tutun bilan qoplangan, eshik esa qulflangan edi. Qo‘shnilar xonadon egasi ichkarida qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini aytishdi.
Yong‘in o‘chirish bo‘linmasi rahbari katta leytenant Z.Bekmatov, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi serjant A.Meliboyev bilan birgalikda xonadon eshigini buzib, yotoqxonada hushsiz holatda yotgan fuqaro Yoqub Qurbonovni tashqariga olib chiqdi va birinchi yordam ko‘rsatdi.
Bo‘linma jamoasining tezkor harakatlari tufayli xonadon egasining hayoti asrab qolindi va tilsiz yov keng tarqalmasidan bartaraf etildi. Voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.