Yengil atletikachilar Osiyo chempionatini bronza medali bilan yakunladi

Sport

image

Kecha Qatarning Doha shahrida tashkil etilgan yengil atletika bo‘yicha navbatdagi Osiyo chempionati bahslari yakunlandi.

Avval xabar berganimizdek, musobaqaning so‘nggi kunida uch nafar o‘zbek sportchisi qit’a chempionligi uchun bahslarga kirishdi. Jumladan, bosqon uloqtirish bahslarida ishtirok etgan terma jamoa a’zosi Suhrob Xo‘jayev finalda 72 metru 85 santimetr natijani qayd etdi. Bu ko‘rsatkich unga Osiyo chempionatining bronza medalini taqdim etdi.

Ushbu yo‘nalishda oltin medalni tojikistonlik Dilshod Nazarov qo‘lga kiritdi. U 76,14 metr natija ko‘rsatdi. Kumush medal esa 73 metru 27 santimetr natija qayd etgan qatarlik Ashraf Elsayfiyga nasib qildi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu sportchilar o‘tgan yili Indoneziyada bo‘lib o‘tgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida ham g‘oliblik uchun bellashgan, o‘shanda 1-o‘rin qatarlik sportchiga nasib etgan, Dilshod Nazarov hamda Suhrob Xo‘jayev mos ravishda 2-3-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

Kechagi musobaqalarda Nigina Sharipova (200 metrga yugurish) hamda Nikita Loginov (uzunlikka sakrash) bahslarida sovrindorlar safidan joy olisholmadi.

Shu tariqa ushbu Osiyo chempionatida o‘zbek sportchilaridan Ruslan Qurbonov (uch xatlab sakrash), Nadiya Dusanova (balandlikka sakrash), Yekaterina Voronina (yetti kurash) oltin, Svetlana Radzivil (balandlikka sakrash) hamda Suhrob Xo‘jayevlar bronza medalini qo‘lga kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Osiyo chempionati engil atletika

Baholaganlar

33

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing