Ukraina Rossiya tomonida jang qilayotgan o‘zbekistonliklar ro‘yxatini e’lon qildi

Olam

image

Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 1110 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qildi. Ro‘yxat loyihaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilindi.

“Bu ro‘yxat to‘liq emas, etnik o‘zbeklar hisobga olinsa, Rossiya tomonidan urushga jalb qilingan O‘zbekiston fuqarolarining umumiy soni bir necha mingni tashkil qilishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Nashr etilgan ro‘yxatda kamida 109 kishining o‘lgani aytilgan. Ularning eng kichigi 21 yoshga to‘lmagan, eng yoshi kattasi 62 yoshda bo‘lgan. Yollanma askarlardan biri shartnoma imzolangandan keyin 8-kuni vafot etgan.

“Odatdagidek aniqlik kiritamizki, bu harbiy asirlar ro‘yxati emas. Bu Rossiya Federatsiyasi tomonida Ukrainaga qarshi jang qilayotgan yoki jang qilgan O‘zbekiston fuqarolari ro‘yxati”, deyiladi xabarda.

 

Shuningdek, “Xochu jit” loyihasi Rossiya Qurolli Kuchlari safiga o‘zbekistonliklarni yollash tarixi Tojikistonnikiga juda o‘xshash ekanini qo‘shimcha qilgan. Qayd etilishicha, O‘zbekistondan Rossiyaga borayotgan muhojirlar oqimi susayish alomatlarini ko‘rsatmayapti va Rossiya hukumati ulardan “o‘ljasi” sifatida foydalanmoqda. Rossiya rasmiylari Markaziy Osiyodan borgan odamlarni reydlar va deportatsiya tahdidlari orqali ularning hukmiga aylangan hujjatga imzo chekishga “rag‘batlantirmoqda”.

“Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshidanoq O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini chet el qo‘shinlari safiga qo‘shilmaslikka chaqirgan bo‘lsa-da, davlatning yollanma askarlarga nisbatan siyosati ko‘plab savollarni tug‘dirmoqda. Mahalliy qonunlarga ko‘ra, yollanish jinoyat hisoblanib, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

2023 yildan beri mahalliy sudlar Rossiya Qurolli Kuchlari yollanma askarlariga bir nechta hukm chiqardi, lekin ularning aksariyati... shartli jazo yoki ozodlikni cheklash! Ayblanuvchi o‘nlab ukrainaliklarni o‘ldirganini tan olsa ham.

O‘zbekistonliklarni Rossiya armiyasi safiga jalb qilish masalasida Kremlning rasmiy Toshkentga ta’siri yaqqol ko‘zga tashlanishiga qaramay, biz O‘zbekiston Respublikasi hukumatini jinoiy amaliyotlarga berilishni bas qilishga chaqiramiz va ularga chek qo‘yishda yordamga umid qilamiz”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston rasmiylari mazkur ro‘yxat bo‘yicha hozircha munosabat bildirmadi. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Bishkekning Pervomay tuman sudi qirg‘izistonliklarni Rossiya armiyasiga yollash ishi bo‘yicha ayblanuvchilarga nisbatan ehtiyot chorasini yumshatgandi. Jinoyat ishi bo‘yicha hibsga olingan ikki kishi – O‘shdagi “Rus uyi” xodimi Natalya Sekerina va ismi-sharifi to‘liq ma’lum bo‘lmagan S.V.T.ga nisbatan ehtiyot chorasi o‘zgartirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston Ukraina yollanish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing