Yelsin va Putinga Rossiyani NATOga qo‘shishni taklif qilganman – Klinton

Olam

image
0:00
0:00
download

AQSHning 42-Prezidenti Bill Klinton davlat rahbari bo‘lgan davrda Rossiyaning Birinchi Prezidenti Boris Yelsinga, keyinroq uning o‘rniga kelgan Vladimir Putinga NATOga a’zo bo‘lishni taklif qilganini aytdi. Bu haqda u “The Atlantic” nashri uchun yozgan maqolasida so‘z ochgan.

Klinton Rossiyaning “XXI asrning buyuk demokratik davlatiga aylanishi” uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Rossiya Federatsiyasiga Boltiqbo‘yi davlatlaridan rus qo‘shinlarini olib chiqish uchun 1,6 milliard dollar ajratgan, Rossiya “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” dasturida va turli tinchlikparvar missiyalarda ishtirok etgan, shuningdek, “Katta yettilik”ga taklif qilingan va tuzilma “Katta sakkizlik”ka aylangan.

“O‘tgan vaqt davomida biz Rossiyaga NATO eshiklarini ochiq tutdik, buni men Yelsinga, keyinroq uning vorisi Vladimir Putinga ham tushuntirdim”, degan Klinton. 

AQSHning sobiq Prezidenti AQSH rasmiylari Rossiyani izolyatsiya qilishga uringani haqidagi ayblovlarni yolg‘on deb atagan.

“Umumiy olganda, men Yelsin bilan 18 marta va Putin bilan besh marta uchrashganman – u Yelsin davrida Bosh vazir bo‘lganida ikki marta va prezidentlik muddatlarimiz bir-biriga mos kelgan 10 oydan ortiq vaqt davomida uch marta. Bu AQSH va SSSR rahbarlarining 1943–1991 yillardagi barcha uchrashuvlaridan atigi uchta uchrashuvga kam. Biz e’tibor bermaganimiz, hurmat qilmaganimiz yoki Rossiyani yakkalamoqchi bo‘lganimiz haqidagi fikr yolg‘on. Ha, NATO Rossiyaning e’tirozlariga qaramay kengaydi, ammo kengayish faqat AQSH-Rossiya munosabatlari bilan bog‘liq emas edi”, degan Klinton.

2017 yilda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin amerikalik rejissyor Oliver Stounga bergan intervyusida Bill Klintonga Rossiyaning NATOga qo‘shilishi haqida o‘ylab ko‘rishni taklif qilganini aytgan edi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, Klinton: “Xo‘sh, men qarshi emasman” deb javob bergan, shundan so‘ng “butun Amerika delegatsiyasi asabiylashdi”, degan Rossiya Prezidenti. 2022 yil fevralida Putin Klintonning 2000 yilda Moskvaga tashrifi chog‘ida shunday taklif bilan chiqqanini ma’lum qilgan va AQSH Prezidentining javobi “juda vazmin bo‘lgan”.

NATO 1949 yilda tuzilgandan beri Rossiya uch marta harbiy ittifoqqa qo‘shilishga urinib ko‘rgan. 1954 yilda Moskva Sovet Ittifoqini NATOga qabul qilishni taklif qilgan. 1990-yillarda Boris Yelsin ham Rossiyani ittifoqqa qo‘shishni taklif qilgan. 2000 yilda, yuqorida aytib o‘tilganidek, Putin Klinton bilan muzokaralarda bu masalani ko‘targan.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya Vladimir Putin Bill Klinton

Baholaganlar

516

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing