YeI O‘rta yer dengizidagi begona tankerlarni to‘xtatadi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi O‘rta yer dengizida harbiylarga xorijiy neft tankerlarini to‘xtatish va tekshirishga ruxsat berdi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasning aytishicha, IRINI missiyasi endi kemalarga chiqib tekshiruv o‘tkazish huquqiga ham ega bo‘ladi. U “soya flot” deb ataladigan kemalar haqida gapirib, ushbu choralar aynan shu kemalarga qarshi qaratilganini aytdi.

IRINI – Yevropa Ittifoqining 2020 yilda ishga tushirilgan dengiz harbiy missiyasi bo‘lib, uning asosiy vazifasi BMTning Liviya qurol embargosini nazorat qilish, qurol va neft kontrabandasiga qarshi kurash hamda odam savdosining oldini olishdan iborat. Operatsiya O‘rta yer dengizining markaziy qismida olib boriladi.

“IRINI missiyasi qoidalari o‘zgartirilgan va endi u kemalarni to‘xtatish hamda ularni tekshirish huquqiga ega. Bu chora “xavf tug‘dirayotgan kemalar” bilan ishlash tartibini kuchaytirish uchun zarur”, deydi Kaya Kallas.

Estoniya Tashqi ishlar vaziri Margus Sahkna yangi choralar Rossiya energiya resurslarini dengiz orqali tashishni to‘liq taqiqlash imkonini ham berishini aytgan. Moskva esa sanksiyalarni noqonuniy deb hisoblaydi va agar harbiy kuch kemalarni ushlashga jalb qilinsa, javob choralarini ko‘rishini bildirgan. Joriy yil mart oyining oxirida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqi “soya flot” tushunchasidan foydalanib, dengiz yo‘llarida “qaroqchilik” bilan shug‘ullanayotganini aytgan. Ular bunday tushuncha xalqaro dengiz huquqida mavjud emasligini ta’kidlagan.

“Yevropa Ittifoqi “soya flot” atamasini o‘ylab topgan va bu dengiz yo‘llarida qaroqchilik qilish uchun bahona”, degan Rossiya Prezidenti yordamchisi va Dengiz kollegiyasi raisi Nikolay Patrushev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Harbiy-dengiz kuchlari Atlantika okeanida, Fransiyaning Bretan sohillaridan taxminan 740 kilometr g‘arbda Rossiya neft savdosi bilan bog‘liq sanksiya ostidagi tankerini to‘xtatib, uni Fransiya qirg‘oqlariga yo‘naltirgandi. Operatsiya xalqaro suvlarda amalga oshirilgan bo‘lib, kemaga maxsus kuchlar vertolyotlar orqali tushirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing