YeI Ukrainaga 50 mlrd yevrolik yordam dasturini tasdiqlay olmadi
Olam
−
15 dekabr 2023
5643Yevropa Ittifoqi sammiti Ukrainaga keyingi to‘rt yil davomida 50 milliard yevrolik byudjet yordami dasturini tasdiqlay olmadi, biroq 2024 yil yanvarida konsensusga erishilishi kutilmoqda. Bu haqda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel sammitning birinchi kuni yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga ma’lum qildi.
"Biz hozirgina bugungi uchrashuvimizni yakunladik. Biz uzoq muddatli yordam dasturini muhokama qildik va sizni ishontirib aytmoqchimanki, 26 nafar yetakchi ushbu dasturning barcha tarkibiy qismlarini qo‘llab-quvvatladi. Biz bu mavzuga yanvar oyida qaytamiz va ishonchim komilki, konsensusga erishamiz ", deydi u faqat bitta davlat - Vengriya bunga qarshi ekanini qo‘shimcha qilib.
Shuningdek, Mishel YeI Yevropa va Ukraina fuqarolariga juda kuchli signal yuborganini, chunki Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova bilan a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qilganini ta’kidladi.
Uning aniqlik kiritishicha, Shvetsiya “milliy tartib asosida” Ukraina bo‘yicha sammit qarorlarini milliy parlamentda qo‘shimcha ravishda tasdiqlashi kerak. Yevropa kengashi rahbari bu tez sodir bo‘lishiga ishonch bildirgan.
Qayd etish joizki, endilikda YeI Kengashi Yevrokomissiyaning muzokaralar mandatini tasdiqlashi kerak va agar boshqa kechikishlar bo‘lmasa, Ukrainaning YeIga qabul qilinishi bo‘yicha muzokaralar 2024 yil martida boshlanishi mumkin. Ularning yakunlanishi uchun vaqt chegarasi yo‘q.
Finlyandiya Bosh vaziri Petteri Orponing aytishicha, qabul qilingan qaror yangi a’zolarning qo‘shilish vaqti bo‘yicha hech qanday kafolat bermaydi. Bunga erishish uchun yillar davom etadigan “jiddiy harakatlar” kerak bo‘ladi.
O‘z navbatida, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban sammitning birinchi kuni yakunida Ukrainaga uzoq muddatli byudjet yordam dasturi haqidagi qarorga veto qo‘yganini ma’lum qilgan.
"Tungi smena natijasi: Ukraina uchun qo‘shimcha pulga veto, ko‘p yillik byudjetni qayta ko‘rib chiqishga veto. Biz tegishli tayyorgarlikdan so‘ng keyingi yil bu masalaga Yevroittifoq sammitida qaytamiz", deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.
Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryutte esa Yevropa Ittifoqi yetakchilari qizg‘in suhbat o‘tkazgani va bu masalaga biroz ko‘proq vaqt berish yaxshiroq, degan xulosaga kelishganini bildirgan.
Sammitning asosiy mavzularidan biri Ukrainaga 2027 yil oxirigacha 50 milliard yevro miqdoridagi yordam dasturi (shundan Yevrokomissiya Kiyevga 33 milliard yevroni kredit va 17 milliard yevroni “grantlar ko‘rinishida”, ya’ni tekin va’da qiladi) bo‘ldi. Dastur Kiyev byudjetini to‘ldirishga qaratilgan, ya’ni bu davlat xizmatchilari va harbiy xizmatchilarning ish haqi, pensiyalar va Qurolli Kuchlarning halok bo‘lgan askarlarining oilalariga kompensatsiya to‘lash uchun ketadigan "joriy xarajatlar uchun" pulni anglatadi. Agar ushbu dastur tasdiqlansa, Kiyev har oy taxminan 1,03 milliard yevro oladi, bu YeI 2023 yilda byudjet ehtiyojlari uchun har oy bergan 1,5 milliard yevrodan 1,5 baravar kam.
Muammo shundaki, Yevropa Ittifoqi byudjetlari yetti yillik rejalar formatida qabul qilingan va Ittifoqning 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan joriy byudjet rejasida Kiyevni qo‘llab-quvvatlash uchun qayta taqsimlanishi mumkin bo‘lgan barcha bo‘sh pullar 2022-2023 yillarda to‘liq sarflangan. Yetti yillik davrning qolgan qismi uchun yangi 50 milliard yevroni moliyalashtirish uchun Yevropa Komissiyasi Yevropa Ittifoqi davlatlarini YeI byudjetiga yangi hissalar kiritishga chaqirdi. Hamjamiyat mamlakatlari buni faqat o‘z davlat byudjetlari hisobidan, ya’ni, soliq to‘lovchilaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushumlar hisobidan amalga oshirishi mumkin, bu esa Yevropa poytaxtlari zarariga o‘ynaydi.
LiveBarchasi