YeI Turkiyani a’zolikka qabul qilishi kerak – Erdo‘g‘an
Olam
−
11 aprel
2548Agar Yevropa Ittifoqi hozirgi muammolarni yengib o‘tishni istasa, u Turkiyani to‘laqonli a’zo sifatida o‘z safiga qabul qilishi zarur. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 11 aprel kuni Antaliya diplomatiya forumining (ADF 2025) rasmiy ochilish marosimida so‘z ochdi.
“Turkiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish maqsadidan voz kechgani haqidagi da’vo va tanqidlarning hech qanday asosi yo‘q. Bu maqsad haligacha mamlakatimizning strategik yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Ammo a’zolik jarayonini oldinga siljitish uchun biz zarur siyosiy iroda namoyon etishimiz lozim. Bu jarayon ba’zida qo‘rquv, ba’zida xurofot, ba’zida esa Yevroittifoq ichidagi ayrim kuchlar sabab to‘xtab qolmoqda”, deydi Erdo‘g‘an.
Uning bildirishicha, agar Yevropa Ittifoqi bugungi muammolarini yengmoqchi va yangi global tizimda munosib o‘rin egallamoqchi bo‘lsa, u shunga yarasha harakat qilishi, o‘tmishdagi yukdan xalos bo‘lishi va Turkiyaga Yevroittifoqda munosib o‘rin berishi lozim.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 11-13 aprel kunlari Turkiyada to‘rtinchi Antaliya diplomatiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu forumga 140 ga yaqin davlatdan 450 ga yaqin vakil tashrif buyurgan. Tadbir Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an homiyligida “Parchalangan dunyoda diplomatiyani tiklash” shiori ostida o‘tkazilmoqda. Uch kunlik forumda Yaqin Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, shuningdek, iqlim o‘zgarishi, terrorizmga qarshi kurash, gumanitar yordam, raqamlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi va sun’iy intellekt kabi keng ko‘lamli mavzular muhokama etilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘an fevralda Anqarada bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda Turkiya tinchlikparvar kuchlarini Ukrainaga yuborish masalasini Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muhokama qilganini aytgandi. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainani Rossiyaning provokatsiyalari va tajovuzkor harakatlaridan ishonchli himoya qilish uchun 100 mingdan ancha ko‘p harbiylar talab qilinishi mumkin. Shunday sharoitda quruqlikdagi qo‘shinlari soni qariyb 400 ming (yana shuncha zaxiradagi harbiylar) bo‘lgan Turkiyaning ishtiroki muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.
LiveBarchasi