YeI Tashqi ishlar vazirlari Kiyevda. Ular Ukrainaga nima va’da qildi?
Olam
−
03 Oktabr 2023
4524Kecha, 2 oktyabr kuni Kiyevda bo‘lib o‘tgan norasmiy yig‘ilishda Yevropa Ittifoqining 27 davlatidan 24 tasining Tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi. Ular Ukrainani uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlashiga ishontirib, uning YeIga a’zo bo‘lish istiqbollarini tasdiqladi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel tashrif maqsadini “Ukraina xalqini birdamlik va qo‘llab-quvvatlash ifodasi” deb atadi. Shu bilan birga, u Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hukumatlariga kelasi yili Kiyevga 5 milliard yevrogacha harbiy yordam ajratishni taklif qildi.
O‘z navbatida, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar kengashining yig‘ilishi ishtirokchilariga Ukrainaning Rossiya bilan urushdagi g‘alabasi Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikka bog‘liqligini aytdi.
“Ishonchim komilki, Ukraina va butun erkin dunyo bu qarama-qarshilikda g‘alaba qozonishga qodir. Lekin bizning g‘alabamiz bevosita siz bilan hamkorlik qilishimizga bog‘liq”, deya ta’kidlaydi Ukraina rahbari.
U o‘z nutqida Yevropa Ittifoqi davlatlariga Ukrainani qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi hamda mudofaa, diplomatiya va integratsiya sohasida yangi qadamlar qo‘yish, shuningdek, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi ustida ishlashni kuchaytirishga chaqirdi.
“Har qanday sanksiya pauzalari Rossiya tajovuzi vaqtini oshiradi va 11-sanksiya paketidan keyingi pauza allaqachon uzoqqa cho‘zilib ketgan. Rossiyaning Zaporoje atom elektr stansiyasida qilayotgan ishlari va Rossiyaning shubhali yadro texnologiyalaridan foydalanishiga qarshi qadam sifatida Rossiya atom sanoatiga qarshi sanksiyalar zarur. Uning harakatlari xavfsizlik nuqtai nazaridan ham, siyosiy nuqtai nazardan ham shubhali”, degan Vladimir Zelenskiy.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba esa Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Ukrainaning Ittifoqqa a’zoligi bo‘yicha konsensusga erishilganini ma’lum qildi.
“Bugungi yig‘ilish Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lishi haqida ham bo‘ldi. Va bu borada ham hamfikr bo‘ldik. Yagona masala – vaqt. Ukraina ham, Yevropa tomoni ham olg‘a intilishda qat’iy. Ukraina tomonidan amalga oshirilgan barcha islohotlarni inobatga olgan holda a’zolik maksimal tezlikda amalga oshirilmoqda va amalga oshiriladi”, degan Kuleba.
U Yevrokomissiyaning ushbu jarayonni boshlash bo‘yicha barcha yetti tavsiyasi amalga oshirilishiga va’da berdi.
Ma’lumot uchun, 6 oktyabr kuni Ispaniyaning Granada shahrida Yevropa Ittifoqi sammiti bo‘lib o‘tadi, unda Kiyevning yil oxirigacha Ukrainaning YeIga kirishi bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqidagi iltimosi muhokama qilinadi. Yevrokomissiya noyabr oyining boshidan kechiktirmay tegishli tavsiyanoma tayyorlash niyatida, shundan so‘ng muzokaralarni boshlash bo‘yicha yakuniy qaror dekabr oyi o‘rtalarida Bryusseldagi sammitda qabul qilinishi kerak, buning uchun Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati roziligi talab etiladi.
Qayd etish joizki, Kiyevdagi yig‘ilishga Yevropa Ittifoqiga a’zo uchta davlat: Vengriya, Polsha va Latviyaning asosiy diplomatlari kelmadi, ular quyi darajada vakillik qilishdi. Ukraina hukumati Polsha va Latviya Tashqi ishlar vazirlarining kelmaganini ularning kasalligi bilan izohladi, Vengriya TIV rahbarining kelmagani sababi aytilmadi. Ayni paytda Budapesht Rossiyada faoliyat yuritayotgan OTP bankini Ukrainaning “xalqaro urush homiylari” ro‘yxatidan chiqarishni talab qilmoqda va shu munosabat bilan Yevropa Ittifoqining Kiyevga yuzlab million yevrolik harbiy yordam paketini bloklagan.
Bundan tashqari, Ukraina va uning Sharqiy Yevropadagi ba’zi asosiy tarafdorlari, xususan, Polsha o‘rtasida Ukraina g‘allasini bu mamlakatlarga import qilish bo‘yicha keskinlik bor.
LiveBarchasi