YeI Rossiyani olmos savdosidan tushadigan daromaddan mahrum qilmoqchi

Olam

image

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Yevrokomissiya bilan birgalikda YeI Kengashiga Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi loyihasini taqdim etdi. Bu haqda Yevropa tashqi siyosatlar xizmati xabar berdi.

Borrelning so‘zlariga ko‘ra, yangi paket boshqa narsalar qatorida 120 nafar jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalar, eksport va importga yangi cheklovlar, shuningdek, neft narxining yuqori chegaralarini belgilash hamda amaldagi sanksiyalarni chetlab o‘tish bilan bog‘liq choralarni o‘z ichiga oladi.

“Taklif etilayotgan chora-tadbirlar Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlarida "saylov"ni uyushtirganlarga, ukrainalik bolalarni majburiy “qayta o‘qitish”ga mas’ul bo‘lganlarga, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligini qo‘llab-quvvatlovchi dezinformatsiya va tashviqot tarqatayotgan shaxslarga qarshi qaratilgan", deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Yevrokomissiya matbuot xizmatining TASS agentligiga ma’lum qilishicha, yangi sanksiyalar paketi Rossiya olmoslarini Yevropa Ittifoqiga olib kirishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi. 

“Yevropa komissiyasi Rossiyani olmos savdosidan tushadigan daromaddan mahrum qilmoqchi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ular yangi paketning tafsilotlari YeI Kengashi tomonidan ma’qullangandan keyin e’lon qilinishini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanada Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadan to‘qqiz nafar jismoniy shaxs va olti kompaniyani, jumladan, yirik ommaviy axborot vositalarini ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ittifoqi sanktsiyalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing