YeI Rossiyaga yordam berganlarga ikkilamchi sanksiya joriy qilmoqchi
Olam
−
28 avgust 3057 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 19-paketi doirasida ushbu mamlakatning hamkorlariga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, YeI Tashqi ishlar vazirlari shu hafta oxirida Daniyaning Kopengagen shahrida bo‘lib o‘tadigan norasmiy yig‘ilishda turli variantlarni muhokama qiladi. Xususan, vazirlar sanksiyalarni chetlab o‘tishga ko‘maklashayotgan uchinchi davlatlarga ayrim mahsulotlar eksportini taqiqlash, Rossiyaning neft-gaz va moliya sektorlariga qarshi yangi choralar, shuningdek, Rossiya mahsulotlari importi va eksportiga qo‘shimcha cheklovlarni ko‘rib chiqadi.
Bungacha esa Italiyaning “Il Fatto” nashri Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish imkoniyatlarini deyarli tugatgani, yaqinlashib kelayotgan paket doirasida cheklash mumkin bo‘lgan nishonlar juda oz qolganini yozgan.
“Samarali choralar sifatida qaralayotgan ikkilamchi sanksiyalar amalda AQSH qo‘lida, chunki Vashington Xitoy va Hindistonga qarshi ikkilamchi cheklovlar orqali Moskva ustidan bosim o‘tkazish mexanizmlariga ega”, deyiladi xabarda.
Qayd etish joiz, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen joriy yilning avgust oyi o‘rtalarida e’lon qilgan Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketi sentyabr boshida qabul qilinadi. Moskva esa G‘arb sanksiyalarini qayta-qayta noqonuniy deb atamoqda.
“Politico” ma’lumotiga ko‘ra, bu paketda energiya resurslari savdosiga yangi cheklovlar kiritilmaydi, biroq u, jumladan, Yevroittifoq Rossiyaning sanksiyalarni chetlab o‘tib neft tashishda foydalanayotgan deb hisoblaydigan “soya floti” kemalarini nishonga oladi. “Bloomberg”ning yozishicha, 19-paket doirasida Bryussel “ukrainalik bolalarni o‘g‘irlash”da ayblayotgan shaxslarni ham “qora ro‘yxat”ga kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Rossiya hukumati esa ukrainalik bolalarni o‘g‘irlash haqidagi ayblovlarni rad etib kelmoqda. Prezident Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, ular jangovar hududlardan olib chiqilib, asrab qolingan, agar qarindoshlari topilsa, bolalarni ulardan ayirib qo‘yishmoqchi emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalar doirasida “qora ro‘yxat”ga yana uch jismoniy shaxs va beshta tashkilotni qo‘shgani xabar qilingandi. Ular orasida Rossiya va Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan Grinex kriptobirjasi, Qirg‘izistonning “Kapital Bank”i, Bishkekdagi “TengriCoin” va “Old Vektor” kompaniyalari kiritilgan. Shuningdek, A7A5 rahbari Leonid Shumakov, Qirg‘iziston Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, OAO “Torgovaya kompaniya KR” rahbari bo‘lgan Janishbek o‘g‘li Nazarbek, shuningdek, “Kapital Bank” boshqaruvi raisi Kantemir Chalbayev sanksiya ostiga tushgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr