YeI Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini tasdiqladi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini hamda Kiyevga 90 milliard yevro miqdorida mablag‘ ajratilishini tasdiqladi. Bu haqda bugun, 23 aprel kuni Yevrokengash rahbari Antoniu Koshta X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

“YeIning Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikka erishish strategiyasi ikki ustunga tayanadi: Ukrainani mustahkamlash va Rossiyaga bosimni kuchaytirish. Bugun biz har ikki yo‘nalishda oldinga siljidik: Ukraina uchun 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan moliyaviy va harbiy yordamni ta’minlovchi 90 milliard yevrolik kreditni blokdan chiqardik hamda Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini qabul qildik”, deyiladi Yevrokengash rahbari bayonotida.

Yevropa Ittifoqi Kengashining rasmiy saytida qayd etilishicha, bugun Kengash 2025 yil dekabrida kelishilgan, Ukrainaga beriladigan 90 milliard yevrolik kreditning asosi bo‘lgan so‘nggi muhim qonunchilik hujjatini qabul qilgan. Bu qadam Yevrokomissiyaga to‘lovlarni 2026 yilning ikkinchi choragida boshlash imkonini beradi.

Xabar qilinishicha, kredit mamlakatning 2026 va 2027 yillardagi eng dolzarb byudjet ehtiyojlarini hamda mudofaa-sanoat salohiyati ehtiyojlarini qoplashga yordam beradi. Kengashning mazkur ijroiya qarori barcha 24 ta a’zo davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Vengriya Yevropa Ittifoqining Ukrainaga 90 milliard yevro miqdorida kredit ajratish to‘g‘risidagi qarorini to‘sib qo‘ygandi. 12 aprel kuni bo‘lib o‘tgan saylovlar natijalariga ko‘ra Vengriya parlamentida konstitutsiyaviy ko‘pchilikni (uchdan ikki qism o‘rinni) qo‘lga kiritgan Peter Madyar va uning partiyasi Ukrainaning Yevropa Ittifoqidan kredit olishiga qo‘yilgan blokni bekor qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ittifoqi sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing