YeI Rossiyaga qarshi 17-sanksiya paketini ma’qulladi
Olam
−
20 may 2025 4099 1 daqiqa
Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaga qarshi 17-sanksiya paketini ma’qulladi. Yangi paket Rossiya Federatsiyasi neft embargosini chetlab o‘tish uchun foydalanadigan Rossiya “soya” flotining 200 ta kemasiga mo‘ljallangan. Bu haqda bugun, 20 may kuni Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ma’lum qildi.
“Gibrid tahdidlar va inson huquqlari buzilishiga javoban ham yangi choralar ko‘rildi. Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar ishlab chiqilmoqda. Rossiya urushni qancha uzoq davom ettirsa, bizning javobimiz shunchalik qattiqroq bo‘ladi”, deb yozadi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzi uchun 17-sanksiya paketi doirasida sanksiya ro‘yxatiga 75 yangi yuridik va jismoniy shaxs qo‘shildi.
“Bu Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidagi shaxslar sonini 2500 dan, kemalar soni esa 300 dan oshirdi”, dedi Bryusseldagi brifingda YeIning yuqori martabali rasmiysi.
Bu sanksiyalar Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya va Polsha Bosh vazirlari Kir Starmer va Donald Tusk tomonidan Kiyevda ilgari surilgan 12 maydan boshlab Ukrainada 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifni Moskva qabul qilishdan bosh tortganiga qadar ham bir necha hafta davomida tayyorlanayotgan edi.