YeI Rossiya gazisiz yashay oladi – Yevrokomissiya

Olam

image

Yevropa Ittifoqining energetika bo‘yicha komissari Kadri Simons shartnoma yanvar oyida tugaganidan keyin YeI Ukraina orqali yetkazib beriladigan Rossiya gazini almashtirishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u kecha, 15 oktyabr kuni Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqi energetika vazirlari bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Men vazirlarga Rossiya va “Naftogaz” o‘rtasidagi shartnomani tugatishga tayyor ekanligimizni tasdiqladim. 14 milliard kub metr Rossiya gazini almashtirish imkoniyatlari bor”, degan Simons.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya gazidan foydalanish uchun hech qanday asos yo‘q va Yevropa Ittifoqi Rossiya gazisiz yashay oladi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davom etayotganiga qaramay, Rossiyadan gaz Kiyev nazorati ostidagi hududlar orqali Gazprom kompaniyasi va Ukrainaning “Naftogaz” shirkati o‘rtasida 5 yil avval tuzilgan shartnoma shartlariga ko‘ra Yevropaga oqishda davom etmoqda. Shartnoma muddati 2024 yilning dekabrida tugaydi.

O‘sha yilning iyul oyida Germaniyaning “Handelsblatt” iqtisodiy gazetasi Yevropaning bir qancha davlatlari Rossiya gazini Ukraina orqali YeIga yetkazib berishni davom ettirish ustida ish olib borayotganini yozgan edi. Biroq 30 avgust kuni Vladimir Zelenskiy idorasi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Kiyev 2025 yilning 1 yanvaridan boshlab Rossiyadan Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatish niyatida ekanini aytdi.

Biroz vaqt o‘tgach, Kadri Saymon Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi urush paytida Rossiya gaziga qaramligini jiddiy ravishda kamaytirganini va undan butunlay voz kechishga tayyorligini aytdi. U birinchi qadamni Ukraina orqali gaz tranziti bo‘yicha kelishuvni bekor qilish deb atadi.

“Biz Rossiya gazidan bosqichma-bosqich voz kechishga tayyormiz, bu Yevropaga yetkazib beriladigan energiya xavfsizligini xavf ostiga qo‘ymasdan amalga oshirilishi mumkin”, degan komissar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya gazi va neftidan voz kechish Yevropaga qanchaga tushishi ma’lum bo‘lgandi. Yevropa Ittifoqi Rossiya energetik resurslariga qaramlikdan qutulish uchun keyingi besh yil ichida qo‘shimcha 195 milliard yevro sarflaydi. “Financial Times” gazetasining yozishicha, “toza energiyaga jadal o‘tish orqali Rossiyaning qazib olinadigan yoqilg‘isiga qaramlikni tezda kamaytirish mumkin”. Buning uchun 2030 yilga borib Yevropa Ittifoqi energiya samaradorligini oshirish orqali energiya sarfini rejalashtirilgan 9 foiz o‘rniga 13 foizga kamaytirishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarishni ikki baravardan ko‘proq oshirish maqsad qilingan. Shu tariqa Yevropa iste’molidagi qayta tiklanadigan energiya ulushi 2020 yildagi 22 foizdan 2030 yilga kelib 45 foizga yetadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evrokomissiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made