YeI Rossiya gazidan tezroq voz kechmoqchi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Rossiya gazidan voz kechish muddatini ko‘chirib, buni 2027 yil yanvar oyigacha amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Buni bugun, 16 oktyabr kuni Yevroparlamentning energetika bo‘yicha qo‘mitasi qo‘llab-quvvatladi.

“Reuters”ning yozishicha, joriy yilning iyun oyida Yevropa komissiyasi dastlab Rossiyadan tabiiy va suyultirilgan gazni import qilishni 2027 yilning oxirigacha taqiqlash bo‘yicha huquqiy majburiy qaror joriy etishni taklif qilgan. Biroq yetakchi parlament a’zolari mazkur yakuniy muddatni 2027 yilning 1 yanvariga ko‘chirishni taklif qilgan. Natijada Yevroparlamentning energetika bo‘yicha qo‘mitasi bugun, 16 oktyabr kuni Rossiya gazidan bosqichma-bosqich voz kechishni bir yilga tezlashtirish taklifini qo‘llab-quvvatlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning boshidan beri Rossiyaning Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foizga kamayib, taxminan 15 milliard kub metrga yaqinlashgan.

YeIning Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz importi joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 15 milliard kub metrni tashkil etdi, bu 2024 yildagi 16,1 milliard kub metrga nisbatan kam.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq YeIning 7 davlati Rossiyadan energiya resurslari importini oshirgani haqida xabar berilgandi. 2022 yildan buyon Yevropaning Rossiya energiya ta’minotiga qaramligi 90 foizga kamayganiga qaramay, 2025 yilning dastlabki sakkiz oyida Yevropa Ittifoqi Rossiyadan 11 milliard yevrodan ortiq miqdorda energiya resurslarini import qilgan.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

gaz Rossiya Evropa Ittifoqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing