YeIning 7 davlati Rossiyadan energiya resurslari importini oshirdi
Olam
−
11 Oktabr 9217 2 daqiqa
2022 yildan buyon Yevropaning Rossiya energiya ta’minotiga qaramligi 90 foizga kamayganiga qaramay, 2025 yilning dastlabki sakkiz oyida Yevropa Ittifoqi Rossiyadan 11 milliard yevrodan ortiq miqdorda energiya resurslarini import qilgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, import hajmini oshirgan mamlakatlar orasida Vengriya, Fransiya, Belgiya, Niderlandiya, Ruminiya, Xorvatiya va Portugaliya bor. Xususan, Fransiya Rossiyadan yoqilg‘i importini 40 foizga oshirib, 2,2 milliard yevroga yetkazgan, Niderlandiyada esa bu ko‘rsatkich 72 foizga oshib, 498 million yevroga chiqqan. Rossiya gazidan butunlay voz kechish g‘oyasini rad etayotgan va Kreml bilan yaqin aloqalarni saqlab qolgan Vengriya hamda Slovakiya umumiy pul miqdorining 5 milliard yevrosini tashkil etgan. Vengriyada import qiymati 11 foizga oshgan.
Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi allaqachon Rossiya energiya resurslarining aksar qismini sotib olishni taqiqlagan va 2027 yilgacha Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz (STG) importini to‘liq to‘xtatishni rejalashtirgan. Hozirda STG Yevroittifoqning Rossiyadan qilayotgan energetika xaridlarining deyarli yarmiga teng. CREA ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yildan buyon Yevropa Ittifoqining Rossiyadan import qilgan energiya resurslari umumiy qiymati 213 milliard yevrodan oshgan.
Belgiya Energetika vazirligi import hajmining oshishini Yevropa Ittifoqi sanksiyalari bilan izohlagan. Ushbu cheklovlarga ko‘ra, Rossiyadan keltirilgan suyultirilgan tabiiy gaz Belgiya portlarida tushirilishi lozim bo‘lgan, ya’ni u boshqa kemalarga ortilib, yakuniy manzilga yuborilmasligi kerak edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga gaz yetkazib berishni 15 foizga oshirgani haqila xabar berilgan edi.
Live
Barchasi