Rossiya O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni oshirdi

Jamiyat

image

Rossiya joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga gaz yetkazib berishni 15 foizga oshirdi. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakolatxonasiga tayanib, TASS xabar berdi.

“Yilning dastlabki sakkiz oyida “Gazprom” O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga Rossiya tabiiy gazining eksportini 15 foizga oshirdi. “Gazprom” rahbari Aleksey Millerning bildirishicha, uch davlat iqtisodiyotining umumiy hajmi yaqin besh-olti yil ichida 60 foizga o‘sishi mumkin, bu esa energiya va gaz iste’molining ortishiga olib keladi”, deyiladi xabarda.

Rossiya gazining Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksportini oshirishda Xitoyga yo‘naltirilayotgan “Sibir qudrati – 2” magistral gaz quvuri loyihasi muhim omil bo‘lishi kutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2025 yilning yanvar-avgust oylarida Turkmaniston va Rossiyadan gaz importini 27,9 foizga qisqartirib, 885,9 million dollarga tushirgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston Energetika vazirligi import qilinayotgan gaz hajmi va narxi haqida ma’lumot bermagan.

Qayd etish joiz, 2023 yilning 7 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Rossiya davlat rahbari Vladimir Putin hamda Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish jarayoniga start bergandi. O‘shanda O‘zbekiston har yili Rossiyadan tijoriy shartnoma asosida 2,8 milliard kub metr gaz sotib olishi aytilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O‘zbekistonga tashrifi va respublika rahbariyati bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida bir qancha yangi infratuzilma loyihalari Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ikki barobarga oshirishi haqida ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Rossiya gaz quvuri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing