YeI Qozog‘iston kompaniyasini ham “qora ro‘yxat”ga kiritdi
Olam
−
24 aprel 1497 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi kecha, 23 aprel kuni Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketi doirasida Qozog‘istondagi bir kompaniyaga nisbatan cheklovlar joriy qildi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi Kengashining “YeI rasmiy jurnali”da e’lon qilingan bayonotida aytiladi.
Sanksiyaga uchragan kompaniya – Qozog‘istonda faoliyat yurituvchi United Trading Group hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi ma’lumotiga ko‘ra, bu kompaniyaning asoschisi va direktori Alimjon Bekov Germaniyada joylashgan UrSeCo Handels GmbH & Co. KG bilan aloqador bo‘lgan.
Bryusselning iddaosiga ko‘ra, ushbu tarmoq orqali Rossiyaga yuqori tozalikka ega xlorvodorod (HCl) yetkazib berilgan. Bu modda yarimo‘tkazgich plastinalarini qayta ishlashda ishlatiladi. Yevropa tomoni ma’lumotida aytilishicha, Germaniya kompaniyasi HCl moddasini United Trading Group’ga yetkazgan, keyin esa Qozog‘iston kompaniyasi uni Rossiyadagi Siltron va Electronsnab korxonalariga yuborgan.
Hujjatlarda bu yetkazib berish yo‘li Polsha, Turkiya va Qozog‘iston orqali o‘tganligi qayd etilgan. Shu asosda Yevropa Ittifoqi kompaniya sanksiyalarni chetlab o‘tish qoidalarini buzishda yordam bergan degan xulosaga kelgan.
Yangi paket doirasida jami 120 ta shaxsiy cheklov, shuningdek energetika, moliya, kriptooperatsiyalar, savdo va Rossiya harbiy-sanoat majmuasiga qarshi qo‘shimcha iqtisodiy choralar ham joriy etilgan. Umuman olganda, bu paket doirasida turli davlatlardan – jumladan Qozog‘iston, Xitoy, BAA, O‘zbekiston va Belarusdan 16 ta tashkilot ham sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-paketi doirasida O‘zbekistonning paxta sellyulozasi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi ikki kompaniyasiga nisbatan cheklovlar kiritgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi