YeI Qirg‘iziston banklariga sanksiya qo‘llamoqchi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirib, Qirg‘izistonning ikkita banki – “Keremet Bank” va “Kapital Bank Markaziy Osiyo” OAJni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishni taklif etdi. Bu haqda “Reuters” hujjat loyihasiga asoslanib xabar bermoqda.

Taklifga ko‘ra, cheklovlar Rossiyaga kriptovalyuta xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq. Sanksiyalar tasdiqlansa, banklar Yevropa Ittifoqi mamlakatlari kompaniyalari va fuqarolari bilan operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Ro‘yxatga Laos va Tojikiston banklari ham kiritilishi mumkin, Xitoyning ikkita bankini esa ro‘yxatdan chiqarish taklif etilmoqda.

Ushbu choralar Yevropa tashqi aloqalar xizmati tomonidan Yevrokomissiya bilan hamkorlikda tayyorlangan va Yevropa Ittifoqi davlatlariga taqdim etilgan 20-sonli sanksiyalar paketiga kiritilgan. Paketning kuchga kirishi uchun ittifoqqa a’zo barcha mamlakatlarning bir ovozdan ma’qullashi zarur.

Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Rossiya neftini qayta yuklashda ishtirok etayotgan uchinchi davlatlar portlariga qarshi sanksiyalar joriy etishni taklif qilmoqda. Sanksiyalar ro‘yxatiga Gruziyaning Kulevi porti va Indoneziyaning Karimun porti ham kiritilishi mumkin. Bu Yevropa Ittifoqining uchinchi davlatlar portlariga qarshi ilk bor cheklovlar qo‘yishi bo‘ladi.

Hujjatda tarmoq cheklovlari, jumladan, G7 narx chegarasidan Rossiya neftini dengiz orqali tashishni to‘liq taqiqlashga o‘tish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, metallar va xomashyo mahsulotlari importiga taqiqlarni kengaytirish taklif etilmoqda.

Alohida bandda sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmini qo‘llash nazarda tutilgan.

Xususan, Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistonga metall kesish dastgohlari va ovoz, tasvir hamda ma’lumotlarni uzatish uchun aloqa uskunalari, masalan, modem va yo‘naltirgichlarni yetkazib berishni taqiqlamoqchi.

Shaxsiy sanksiyalarni kengaytirish doirasida ro‘yxatga Rossiyaning 30 nafar jismoniy shaxsi va 64 ta kompaniyasini, jumladan, “Bashneft” va bir qator neftni qayta ishlash zavodlarini kiritish taklif qilinmoqda.

Ilgari Rossiyaga qarshi cheklovlarni chetlab o‘tishda gumon qilinib, boshqa davlatlar, jumladan, Qirg‘iziston kompaniyalari ham Yevropa Ittifoqi va AQSH sanksiyalari ostiga tushgan edi. Chunonchi, 2025 yil oktyabrida Yevropa Ittifoqi ikkita bankni – “Tolubay” va “Yevrosiyo jamg‘arma banki”ni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. 2025 yil fevralida esa avval AQSH ro‘yxatiga kiritilgan “Keremet Bank” Buyuk Britaniya cheklovlari ostida qoldi. Shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasining bir nechta kompaniyalari ham sanksiyalarga duchor bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

sanktsiya Qirg'iziston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing