YeI davlatlari Rossiyaga jiddiy javob qaytarish masalasini muhokama qilmoqchi
Jamiyat
−
11 dekabr 2021
4774Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari 13 dekabr Bryusselda yig‘ilib, Ukraina, Belarus, Afg‘oniston va boshqa qator davlat va mintaqalardagi vaziyatni muhokama qiladi. Uchrashuv 16 dekabrga belgilangan YeI yetakchilari sammiti oldidan bo‘lib o‘tadi.
Vazirlar uchrashuvi kun tartibidan Rossiya va Ukraina chegarasidagi vaziyat, Belarusdagi jarayonlar, “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelganidan keyin Afg‘onistondagi voqealar, Afg‘oniston muammosi kontekstida Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlar, Afrika davlatlari bilan aloqalar kabi masalalar o‘rin olgan.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasining Ukraina chegarasi yaqinidagi harbiy faolligi oshib borayotgani fonida voqealar rivojini “xavotir” bilan kuzatayotganini aytgan edi.
Bryussel Moskvaning harbiy tajovuzi sodir bo‘lgan taqdirda AQSH va NATO pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashga tayyor va Rossiya Federatsiyasini “jiddiy iqtisodiy va siyosiy choralar" xususida ogohlantirmoqda.
YeI 2014 yilda Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishi va Ukraina sharqidagi voqealarga javoban Moskvaga qarshi qabul qilingan sanksiyalar o‘z samarasini ko‘rsatganiga ishonch bildiradi va Mariupolni rossiyaparast bo‘lginchilar tomonidan qo‘lga kiritish rejasi qayta ko‘rib chiqilganini misol tariqasida keltirmoqda.
Avvalroq, Qo‘shma Shtatlar Rossiyani bank sektoridagi xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi – SWIFT’dan uzib qo‘yish bilan tahdid qilgan edi.
Yevropa Ittifoqi hali Rossiyaga qarshi olinishi mumkin bo‘lgan keskin hujumlarga aniqlik kiritmagan.
LiveBarchasi