YeI ham AQSHning boj siyosatiga javob qaytaradi (video)
Olam
−
12 mart
3650Yevrokomissiya AQSH tomonidan e’lon qilingan va joriy yil aprel oyi o‘rtalarida kuchga kiradigan bojxona tariflariga javoban chora ko‘rishini e’lon qildi. Bu haqda tashkilotning rasmiy veb-saytida bayonot e’lon qilindi.
Yevrokomissiya bayonotiga ko‘ra, bugun, 12 mart kuni Qo‘shma Shtatlar Yevropa Ittifoqi va boshqa savdo hamkorlaridan import qilinadigan po‘lat, alyuminiy hamda ayrim mahsulotlarga 25 foizgacha bo‘lgan bojlar joriy etgan. Bunga javoban, Komissiya “asoslanmagan savdo cheklovlari” ta’siridan Yevropa biznesi, ishchilari va iste’molchilarini himoya qilish uchun qator chora-tadbirlarni ishga tushirmoqda.
“Chunki, AQSHning yangi tariflari qamrov bo‘yicha ancha kengroq va Yevropa savdosiga ancha katta miqdorda ta’sir qiladi. Shu sababli, 12 mart kuni Komissiya AQSHga qo‘shimcha javob choralarini joriy etish jarayonini boshladi. Bu choralar 18 milliard yevro qiymatidagi mahsulotlarga nisbatan qo‘llaniladi va 2018 yildan qayta tiklangan choralar bilan birgalikda amal qiladi. Maqsad – AQSHning yangi tariflari ta’sir qilgan savdo hajmiga muvofiq tarzda YeIning umumiy javob choralarini kafolatlash”, deyiladi Yevrokomissiya bayonotida.
Ta’kidlanishicha, bojlar sanoat mahsulotlariga, jumladan, po‘lat va alyuminiy mahsulotlari, maishiy texnika hamda xo‘jalik anjomlariga joriy qilinadi. Shuningdek, bu choralar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ham qamrab oladi: mol go‘shti, dengiz mahsulotlari, tuxum, sut mahsulotlari va sabzavotlar.
Shu bilan birga, Yevrokomissiya bosqichma-bosqich harakat qilishni rejalashtirmoqda. 1 apreldan boshlab AQSHning 8 milliard yevro qiymatidagi mahsulotlariga javob tariqasida cheklovlar joriy qilinadi. Ikkinchi bosqichda 13 aprel kuni 18 milliard yevro qiymatidagi mahsulotlarga nisbatan savdo cheklovlari kuchga kiradi.
Natijada Yevroittifoqning javob choralarining umumiy hajmi AQSHdan import qilinadigan 26 milliard yevro qiymatidagi mahsulotlarni qamrab oladi. Yevrokomissiya bayonotiga ko‘ra, bu AQSHning yangi bojlaridan yetkazilishi kutilayotgan zararga teng miqdorni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyining oxirida AQSH Prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan tovarlar, jumladan, avtomobillarga 25 foiz boj joriy etishini e’lon qilgan edi. O‘shanda AQSH Prezidenti YeIni AQSHga zarar yetkazish maqsadida yaratilgan tuzilma deb atagan va Yevropa mamlakatlari avvaldan AQSHga nisbatan dushmanona munosabatda bo‘lganini ta’kidlagan edi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

