YeCHL: Parijda “boylar jangi”, Ronaldudan rekord, o‘zbekistonlik futbolchi “Real”ga qarshi o‘ynaydi

Sport

image

Bugun, 28 sentyabr UEFA Chempionlar ligasining 2-turiga start beriladi. Tarkibida Messi, Neymar va Mbappe singari super yulduzlari bo‘lgan PSJ o‘z maydonida “Manchester Siti”ni qabul qilsa, “Milan” “Atletiko” bilan hisob-kitob qiladi. O‘zbekistonlik Jasurbek Yaxshiboyev o‘ynayotgan “Sherif” jamoasi Madridda “Real” mehmoni bo‘ladi.

Shuningdek, ertaga, 29 sentyabr kuni Ronaldu yetakchiligidagi “Manchester Yunayted” Yevropa Ligasi finalidagi mag‘lubiyat uchun “Vilyarreal”ni, turnir g‘olibi “Chelsi” esa Turinda “Yuventus”ni taslim etishga urinib ko‘radi.

YeCHL yarim finali uchun revansh olish imkoniyati: PSJ – “Manchester Siti”

“Manchester Siti” o‘tgan mavsum YeCHL yarim finalida PSJni mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor finalga qadar yetib borgan edi. Biroq, bu safar “Park de Prens”dagi sayohat oson kechmasligi aniq. Garchi Mbappe va Neymar o‘rtasidagi munosabatlar yurishmayotgan, Messiga o‘yin amaliyoti kam berilayotgan bo‘lsa-da, kuchli raqibga qarshi o‘yinga murabbiy va futbolchilar astoydil tayyorgarlik ko‘rgani aniq. Boisi, 1-turda “Bryugge” parijliklarni 3 ochkodan mahrum qilgan edi, shu sabab natijadan qat’i nazar, futbol muxlislari uchun muhim bellashuv bo‘ladi.

“Uchrashuv o‘zgacha tarzda o‘tishi, shubhasiz. Chunki “Siti” Yevropaning eng yaxshi jamoalaridan biri”, deydi PSJ bosh murabbiyi Maurisio Pochettino.  

“San-Siro”ga YeCHL qaytmoqda: “Milan” – “Atletiko

Italiyaning “Milan” klubi UEFA Chempionlar ligasidagi birinchi uy uchrashuvini yetti yillik tanaffusdan so‘ng,  “Atletiko”ga qarshi o‘tkazadi. So‘nggi bor 2014 yilning fevralida bo‘lib o‘tgan YeCHL nimchorak final bahsida jamoani aynan madridliklar musobaqadan chiqarib yuborgan edi. Tarkibida Kaka, Mario Balotelli, Adel Taarabt va Maykl Essen singari futbolchilari bo‘lgan “rossonerilar” Diyego Kostaning ajoyib o‘yini evaziga 1:5 hisobida mag‘lub bo‘lgan. 1-turda ochko yo‘qotgan har ikki jamoa bugun g‘alaba uchun maydonda harakat qiladi va ularning imkoniyatlarini teng, deb baholash mumkin.

“Endi hikoyamizning bir qismini Chempionlar ligasida yozishga harakat qilamiz, biz muhim bir ishni amalga oshirmoqchimiz”, deydi “Milan” bosh murabbiyi Stefano Pioli.

Xollandga qarshi kurash: “Borussiya” – “Sporting” 

“Beshiktosh”ga qarshi kechgan YeCHL 1-turida Erling Xolland raqib darvozasini ishg‘ol qildi va Chempionlar ligasidagi gollari sonini 21 taga yetkazgan holda musobaqa tarixidagi eng yaxshi 50 to‘purardan biriga aylandi. E’tiborli tomoni, “Sporting” o‘z maydonida “Ayaks”dan yirik hisobda yengildi va hujumchi Sebastian Aller pokerga erishdi. Agar jamoa himoya chizig‘ida ishonchli harakat qilmasa, Xolland to‘purarlar poygasida yanada ilgarilab ketishi ehtimoldan holi emas. “Borussiya” ushbu o‘yinda yaqqol favorit.

Ronalduda yana bir rekord: “Manchester Yunayted” – “Vilyarreal”

“Manchester Yunayted” o‘tgan mavsum Yevropa ligasi finalidagi raqibi – “Vilyarreal” bilan “hisob-kitob” qiladi. Musobaqa to‘purari Krishtianu Ronaldu ushbu bahsda ishtirok etish orqali yana bir rekord sohibiga aylanishi mumkin. Bu uning uchun turnir doirasida o‘tkazilgan 177-o‘yin sifatida qayd etiladi va ushbu natija orqali Iker Kasilyasning rekordini takrorlashi mumkin. Jamoa birinchi turda “Yang Boyz”ga mag‘lub bo‘ldi, “Vilyarreal” esa “Atalanta” bilan durangga imzo chekkan. Ispan klubi kuchli jamoalarga bosh og‘riq bo‘lishni yaxshi ko‘radi. Shuning uchun bu o‘yinda favorit yo‘q.

“Bu ko‘p yillik chidamlilik, professionallik va barqaror o‘yinlarning samarasidir”, deydi “qizil iblislar” bosh murabbiyi Ole Gunnar Sulsher Ronalduning rekordi haqida.

“Chelsi” Ronaldudan qolgan “Yuventus” qarshi 

YeCHLning o‘tgan mavsumdagi g‘olibi “Chelsi” Tomas Tuxel qo‘l ostida yanada kuchli jamoaga aylandi. Qo‘shimchasiga “Inter” bilan Italiya chempionligini qo‘lga kiritgan Romelu Lukaku jamoaga olib kelindi. “Yuventus”ning muammolari bosh murabbiy Massimiliano Allegri bilan hal bo‘lib qolgani yo‘q. “Zebralar” Italiya A seriyasida 10-pog‘onani egallab turibdi. Turindagi bahs katta ehtimol bilan guruh g‘olibini aniqlash uchun xizmat qiladi.

Myuller elita qatlamga ko‘tarilishi mumkin: “Bavariya” – “Dinamo Kiyev”

“Bavariya” vakili Tomas Myuller UEFA Chempionlar ligasida 50 gollik dovonga yetgan sakkizinchi futbolchiga aylanishi mumkin. Uning jamoasi Kiyevning “Dinamo”sini qabul qiladi. Agar u raqib darvozasiga gol kiritsa, to‘purarlar jadvalida Terri Anri bilan tenglashib oladi. Undan yuqorida hozircha Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi, Robert Levandovski, Karim Benzema, Raul Gonsales va Rud van Nistelroy bormoqda. Myunxenliklar uchrashuvda yaqqol favorit va uni amalda isbotlash qoldi, xolos.  

UEFA Chempionlar ligasi deserti

Leonardo Bonuchchi (“Yuventus”), Muhammad Saloh (“Liverpul”) va Yaroslav Rakitskiy (“Shaxtyor”) yevrokuboklarda 99 ta o‘yinda maydonga tushgan. Navbatdagi uchrashuv ular uchun 100-bahs bo‘ladi. 

Shuningdek, bugun, 28 sentyabr kuni o‘zbekistonlik futbolchi Jasurbek Yaxshiboyev to‘p tepayotgan Moldovaning “Sherif” klubi Madridda “Real” bilan bahs olib boradi. Ertaga, 29 sentyabrda Kumansiz “Barselona” 1-turdagi sharmandali mag‘lubiyatdan so‘ng, portugaliyada “Benfika” mehmoni bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Barselona Real Messi PSJ Ronaldu Chempionlar ligasi UEFA Man Siti Yaxshiboev

Baholaganlar

185

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing