Yaponiyada zilzila sodir bo‘ldi. Sunami xavfi e’lon qilindi (video)

Olam

image

Yaponiyaning uchinchi eng yirik oroli Kyusyuning janubidagi Miyazaki prefekturasida 6,9 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi va sunami xavfi e’lon qilindi. Bu haqda mamlakat meteorologiya agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, zilziladan so‘ng Kyusyuning sharqiy sohillariga va uning sharqida joylashgan Sikoku oroliga balandligi 1 metrgacha bo‘lgan sunami yetib kelgan. Jabrlanganlar va moddiy zarar haqida ma’lumot berilmagan. Ayrim hududlarda sunami balandligi 20 santimetrni tashkil qilgan.

Shunga qaramay mahalliy hukumat aholiga darhol qirg‘oq chizig‘idan uzoqlashishni va yong‘inga oid ehtiyot choralarini ko‘rishni qat’iy tavsiya qilmoqda. Zilzila munosabati bilan Yaponiya Bosh vaziri ofisida inqiroz shtabi tashkil etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila o‘chog‘i Kyusyuning janubi-sharqiy qirg‘oqlarida – 30 km chuqurlikda joylashgan. Hududdagi ikki yadro elektr stansiyasida hech qanday muammolar aniqlanmagan. Avtomobil harakati odatdagi rejimda davom etmoqda.

Shu bilan birga, Yevropa-O‘rtayer dengizi seysmologik markazi zilzila magnitudasini 6,7 deb baholagan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, zilzila epitsentri Miyazaki shahridan 10 km sharqda joylashgan bo‘lib, shaharda 311 ming kishi istiqomat qiladi. Zilzila o‘chog‘i 37 km chuqurlikda bo‘lgan.
 
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Yaponiyada 6,0 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan edi. Zilzila epitsentri Tinch okeanidagi olis Tori orollari hududida bo‘lgan. Zilzila o‘chog‘i 420 km chuqurlikda joylashgan. Mahalliy hokimiyat zilzila oqibatida sodir bo‘lgan vayronagarchiliklar va vafot etganlar haqida ma’lumotlarni taqdim etmagan. Shuningdek, sunami xavfi ham e’lon qilinmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya Tsunami zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing