Yaponiyada zilzila sodir bo‘ldi
Olam
−
10 avgust
6003Kecha, 9 avgust kuni Yaponiyaning Kanto mintaqasida 5,3 magnitudali zilzila yuz berdi. Bu haqda “The Japan times” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kanagava prefekturasining g‘arbiy qismida mahalliy vaqt bilan 19:57 da Yaponiyaning seysmik intensivlik shkalasi bo‘yicha 5,3 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan. Sunami xavfi yo‘q, jabrlanganlar va vayronagarchiliklar haqida hozircha ma’lumotlar mavjud emas. 13 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan zilzila silkinishi keng hududda, jumladan Tokio, Asugi, Nakai va Matsuda shaharlari hamda Kanagavadagi Kiyokava qishlog‘ida ham sezilgan.
“Bunday zilzilalar kuchliroq zilzilalarga sabab bo‘lishi ehtimolini inkor etib bo‘lmaydi, shuning uchun kelajakdagi seysmik faollikka nisbatan ehtiyotkor bo‘lish zarur", deydi Kanto mintaqasidagi seysmik faollik bo‘yicha ekspert Sakai.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 8 avgust kuni Yaponiyaning janubi-g‘arbida joylashgan Kyusyu oroli yaqinida 7,1 magnitudali silkinish kuzatilgandi. Shu munosabat bilan Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab safarini to‘xtatishga qaror qilgan. U Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etishi, keyin esa O‘zbekistonga kelishi kerak edi. Bosh vazir safarini qoldirganini ma’lum qilar ekan, kelgusi haftada hukumatning barcha sa’y-harakatlari vaziyatni kuzatish va Nankai yorig‘ida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kuchli zilzilaga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilganligini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi