Yaponiyada kuchli zilzila: Qurbonlar soni ortib bormoqda

Olam

image

Yaponiyaning g‘arbiy sohilidagi Noto yarimorolida ro‘y bergan bir qator kuchli zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar soni oshishda davom etmoqda. Hozircha qurbonlarning umumiy miqdori yigirma to‘rttaga yetdi. Bu haqda "Deutsche Welle" nashri xabar berdi. 

Bosh vazir Fumio Kisidaning bugun, 2 yanvar kuni bergan ma’lumotlariga ko‘ra, “ko‘plab qurbonlar” bor. Vazir omon qolganlarni qutqarish "vaqt bilan poyga" o‘ynashga tengligini aytdi.

Eng katta vayronagarchilik Ishikava prefekturasining Vajima shahrida yuz berdi. U yerda kamida sakkiz kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq uy yonib ketdi, yana ko‘plari qulab tushgan. 13 soatdan keyin ham boshlangan yong‘inlarni to‘liq o‘chirishning imkoni bo‘lmayapti. 

Zilzila mamlakat poytaxtini ham chetlab o‘tmadi. Kecha, 1 yanvar kuni Tokioda ham 7,6 magnitudali zilzila yuz bergandi. Zilzila epitsentri Noto yarimorolida bo‘lgan bo‘lsa-da, Yaponiya poytaxti Tokio yaqinida, taxminan 400 km masofada ham tebranishlar sezilgan. Yer silkinishi natijasida ko‘chkilar sodir bo‘lgan, yo‘l qoplamalari yorilib, daraxtlar ag‘darilib tushgan. Hududlarda dastlab, 5 metrgacha bo‘lgan sunami xavfi borligi e’lon qilindi, keyin bu bekor bo‘ldi. Biroq mahalliy aholi hali ham ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirilmoqda.

Bugun ertalab ham zilzilalar davom etdi. Yaponiya meteorologiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, kechadan beri jami 155 ta yer silkinishi qayd etilgan. Meteorologlarning ogohlantirishicha, hafta davomida, ayniqsa, keyingi ikki-uch kun ichida yana kuchli zilzilalar yuz berishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning shimoli-g‘arbidagi Gansu provinsiyasining Jishishan okrugida sodir bo‘lgan 6,2 magnitudali zilzila oqibatida 113 kishi va qo‘shni Tsinxay provinsiyasida 18 kishi halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya zilzila Fumio Kisida Qurbonlar Vajima

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing