Yaponiyada koronavirusning onadan chaqaloqqa yuqishi bilan bog‘liq ilk holat aniqlandi
Olam
−
23 mart 2021
3012Yaponiyada birinchi marta koronavirus infeksiyasining onadan yangi tug‘ilgan chaqaloqqa yuqishi mumkin bo‘lgan holat aniqlandi. Bu haqda NHK telekanali tadqiqotchilarga asoslanib xabar bergan.
Yaponiya pediatriya jamiyati a’zolari mamlakatdagi 1 100 ta tibbiyot muassasalaridan olingan ma’lumotlarni o‘rgangan.
Ularga ko‘ra, o‘tgan yilning avgust oyi oxiriga qadar Yaponiyada COVID-19 yuqtirgan onalardan 52 nafar chaqaloq dunyoga kelgan.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlardan birida koronavirus aniqlangan, ammo telekanal ma’lumotlariga ko‘ra uning sog‘lig‘iga hech narsa tahdid solmaydi.
Shu kabi bir nechta holatlar boshqa mamlakatlarda ham aniqlangan.
Biroq, ekspertlar guruhi rahbari, professor Morioka Ichiro bunday holat juda kam uchrashini va koronavirus yuqtirgan chaqaloqlarda yengil alomatlar bo‘lishini ta’kidlagan.
Mutaxassis homilador ayollarni yetarli darajada virusga qarshi choralarni ko‘rishga chaqirgan.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yilning noyabr oyi oxirida Singapurda homiladorlik paytida COVID-19 yuqtirgan ayoldan koronavirusga antitanalari bo‘lgan bola tug‘ilgan.
Onaning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar unga o‘zining antitanalari yo‘qolganini va ular yangi tug‘ilgan chaqaloqqa o‘tgan bo‘lishi mumkinligini aytishgan.