Yaponiyada “Delfin” sababli minglab binolar elektrsiz qoldi
Olam
−
08 avgust 1450 2 daqiqa
Yaponiyaning janubiy Okinava prefekturasiga “Delfin” tayfuni yetib kelishi oqibatida 6 kishi jarohatlandi, 50 mingdan ortiq xonadon va bino elektr ta’minotidan uzildi. Xitoyda esa tayfun qit’aga yetib kelishidan oldin portlar yopilib, paromlar qatnovi to‘xtatildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Okinavada kuchli shamol oqibatida 5 nafar keksa kishi jarohatlangan. Kagosima prefekturasida ham bir kishi jarohat olgan. Tayfun vaqtida shamolning maksimal tezligi soatiga 162 kilometrga yetgan, ayrim joylarda esa shamol tezligi soatiga 216 kilometrni tashkil qilgan.
Kagosimada qariyb 39 mingta, Okinavada esa 12 mingdan ortiq bino elektrsiz qolgan. Shuningdek, Okinavaga va undan amalga oshiriladigan qator aviareyslar bekor qilingan.
“Delfin” tayfunining Xitoy hududiga 9 avgust kuni kechqurun yoki 10 avgust kuni ertalab yetib kelishi kutilmoqda. Mamlakat rasmiylari tayfunni ikkinchi eng yuqori “to‘q sariq” darajada baholagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tayfun Chjetszyan provinsiyasidagi Chjoushan shahri va Futszyan provinsiyasidagi Fudin shahri oralig‘ida qirg‘oqqa chiqishi ehtimoli yuqori. Tayfun markazida shamol tezligi soatiga 85–101 milga, ya’ni qariyb 137–163 kilometrga yetishi mumkin.
Tayfun xavfi sabab Chjetszyan provinsiyasida portlar faoliyati to‘xtatilgan. Sharqiy va janubiy Xitoyning ayrim hududlarida paromlar qatnovi ham bekor qilingan, baliqchilik kemalari portlarga qaytarilgan.
Shuningdek, Chjetszyandagi Ninbo Lishe xalqaro aeroporti ertaga, 9 avgust kuni barcha reyslarni to‘xtatishini ma’lum qilgan. Shanxaydagi Yanshan porti esa kemalardan tozalangan. Yanszi daryosi deltasida ayrim temiryo‘l qatnovlari ham to‘xtatilishi kutilmoqda.
Mutaxassislar Xitoyning sharqiy hududlarida 12 avgustga qadar kuchli yomg‘ir va shamollar kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirgan. Ayrim hududlarda qisqa vaqt ichida 80 millimetrdan ortiq yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin.
Shuningdek, Tayvanda ham “Delfin” tayfuni sabab asosan xalqaro aviareyslar bekor qilingan. Orolning shimoliy qismida dam olish kunlari kuchli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning sharqiy qismiga yopirilgan “Bavi” tayfuni ortidan hukumat keng ko‘lamli evakuatsiya va tabiiy ofatlarga qarshi choralarni kuchaytirilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiSariosiyoda terroristik guruh ushlandi
08 avgust