Yaponiyada anime studiyasiga o‘t qo‘ygan shaxs o‘limga hukm qilindi

Olam

image

Yaponiyada 45 yoshli Sindzi Aobuni 2019 yilda Kyoto Animation studiyasiga o‘t qo‘yganlikda ayblanib, o‘limga hukm qilindi. Bu haqda “The Japan Times” xabar berdi.

Animeni ishlab chiqaruvchi Kyoto Animation studiyasida yong‘in 2019 yil 18 iyul kuni sodir bo‘lgan. Aobu binoga benzin sepib, uni yoqib yuborgan. Yong‘in oqibatida 36 kishi halok bo‘lgan, yana 32 kishi tan jarohati olgan.

Erkak kompaniyaning yillik tanlovida uning ishini rad etganidan so‘ng, studiya uning g‘oyalarini o‘g‘irlaganini da’vo qilgan. “The Japan Times”ning qayd etishicha, studiya sudlanuvchining biron bir ishini plagiat qilgani haqida hech qanday dalil yo‘q.

“Aobu qotillik, qotillikka urinish va o‘t qo‘yishda ayblangan”, deb eslaydi The Guardian.

Himoya tomoni Aobuning o‘t qo‘yish vaqtida aqldan ozganini tushuntirib, unga nisbatan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan. Sud esa erkakning aqli raso ekanini aniqlagan.

Aobu o‘t qo‘yishdan o‘n oy o‘tib hibsga olingan, chunki u o‘zi ham yong‘inda jarohat olgan va qattiq kuygan. Aobu hukmga nogironlar aravachasida olib kelingan.

2023 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan sud majlisida erkak qurbonlarning oila a’zolari va jabrlanganlardan kechirim so‘ragan. Bundan tashqari, u bunchalik ko‘p odam o‘lishini o‘ylamaganligini aytgan.

“The Japan Times”ning yozishicha, Kyoto Animation studiyasidagi yong‘in Yaponiyadagi eng dahshatli qirg‘inlardan biridir.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Yaponiya anime

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing