Yaponiya va Janubiy Koreya KXDRga qarshi qo‘shma strategiya ishlab chiqmoqchi
Olam
−
18 iyun 2580 2 daqiqa
Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba va Janubiy Koreyaning yangi saylangan Prezidenti Li Chje Myon Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga (KXDR) nisbatan qo‘shma strategiya ishlab chiqish borasida hamkorlikni rivojlantirish niyatida ekanini bildirdi. Bu haqda ularning Kanadada o‘tgan G7 sammiti doirasidagi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isiba va Li Chje Myon Yaponiya-Janubiy Koreya munosabatlariga doir ochiq fikr almashgan va ikki hukumat o‘rtasidagi yaqin muloqotni mustahkamlash zarurligi borasida umumiy fikrga kelgan.
“Har ikki yetakchi mintaqaviy vaziyat yuzasidan ham fikr almashdi. Ular Yaponiya va Janubiy Koreya, shuningdek, Yaponiya-Janubiy Koreya-AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi. Bu hamkorlik Pxenyanning yadro va raketa dasturlari hamda yapon fuqarolarining o‘g‘irlab ketilishi kabi masalalarni qamrab oladi”, deyiladi Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Isiba va Li Chje Myon muntazam aloqada bo‘lish, jumladan, “tashriflar diplomatiyasi” orqali muloqotni davom ettirishga kelishib olgan.
Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba, shuningdek, Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat yuzasidan diplomatik choralar muhimligini ta’kidlagan.
“Men Yaqin Sharqdagi vaziyatni tinchlantirish uchun diplomatik sa’y-harakatlar zarurligini, Eronning yadro quroli ishlab chiqishi mumkin emasligini alohida ta’kidladim. Shuningdek, Eronning yadro muammosini muzokaralar orqali hal qilish muhimligini ham qayd etdim”, deydi Isiba.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqdagi keskinlashuv sabab G7 sammitini erta tark etgandi.