Yaponiya va Shveysariya Rossiyaga qarshi qattiqroq “tish qayrash”ga kelishib oldi

Olam

image

Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida va Shveysariya Prezidenti, Tashqi ishlar federal departamenti rahbari Inyatsio Kassis Tokioda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli Rossiyaga qarshi sanksiyalar siyosatini davom ettirishga kelishib oldi. Bu haqda TASS Yaponiya Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, xabar berdi.

“Rahbarlar Rossiya Federatsiyasiga nisbatan qattiq sanksiyalarni davom ettirishga kelishib oldi”, deyiladi bayonotda.

Yaponiya Bosh vazirining ta’kidlashicha, jahon hamjamiyatining birligiga har qachongidan ham shoshilinch ehtiyoj bor. 

“Men muhim hamkorimiz bo‘lgan Shveysariya bilan yaqin hamkorlikda bu masalaga yondashuvni ishlab chiqmoqchiman”, degan Kisida.

Bundan tashqari, siyosatchilar KXDR atrofidagi vaziyat yuzasidan fikr almashgan va Shimoliy Koreya raketalarini uchirish, shuningdek, Yaponiya fuqarolarini o‘g‘irlash muammosiga yondashuvni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olgan.

Ma’lumot uchun, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Kanada va boshqa davlatlar fevral oyi oxirida Ukrainadagi urush fonida Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qila boshladi. Moliyaviy va harbiy-sanoat sohalaridagi o‘nlab Rossiya kompaniyalari va oligarxlar cheklovlar ostida qoldi.

Mart oyi boshida AQSH Prezidenti Jo Bayden rossiyalik oligarxlarning jinoyatlarini tergov qilish bo‘yicha guruh tashkil etilishini e’lon qildi. U Amerika va Yevropa rasmiylari “yo‘l-yo‘lakay orttirilgan boylik” ortidan kelishlari, yaxtalari, hashamatli uylari, shaxsiy samolyotlarini tortib olishlari haqida ogohlantirdi.

Ertasi kuni AQSH 19 nafar tadbirkor va mansabdor shaxslar hamda ularning 47 nafar oila a’zolariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Oq uy cheklovlarga sabab sifatida “Prezident Vladimir Putinning Ukrainaga shafqatsiz bostirib kirishida uni qo‘llab-quvvatlagani”ni keltirdi.

AQSH “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev, Boris va Arkadiy Rotenberglar, “Rostech” rahbari Sergey Chemezov, VEB.RF rahbari Igor Shuvalov, Yevgeniy Prigojin, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov hamda ularning bir qator kompaniyalari va qarindoshlarining aktivlarini muzlatib qo‘ydi. 

9 mart kuni Yevropa Ittifoqi 14 nafar rossiyalik tadbirkor va ularning oila a’zolariga nisbatan cheklovlar joriy qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya ham qo‘shimcha sanksiyalar kiritdi.

6 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning voyaga yetgan farzandlari, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin va Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga nisbatan sanksiyalar joriy qilishini e’lon qildi. 

7 aprel kuni Avstraliya Rossiya elitasining 67 vakiliga qarshi sanksiya kiritdi. Shveysariya esa Rossiyaning 8 milliard dollardan ortiq aktivlarini blokladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

85

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing