Yaponiya Shimoliy Koreya tahdidi borasida G7 bilan hamkorlik qilmoqchi  

Olam

image

Avval xabar berganimizdek, Shimoliy Koreya bugun, 18 fevral kuni Yapon dengizi tomon noma’lum turdagi ballistik raketani uchirgan edi. Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Xayashi esa shu vaziyat bo‘yicha G7 a’zolari bilan hamkorlik qilish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda Yaponiya tashqi ishlar vazirligining Myunxendagi uchrashuvlar to‘g‘risidagi bayonotida aytildi.

“Vazir G7 bilan hamkorlik qilish niyatini e’lon qilib, Shimoliy Koreyaning raketa uchirishi xalqaro hamjamiyat tinchligi va barqarorligiga tahdid ekanligini ta’kidladi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Yaponiya rasmiylariga ko‘ra, qit’alararo ballistik raketa Yaponiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasiga, shimoliy Xokkaydo orolidan 200 km g‘arbga qulagan. Uning parvoz balandligi taxminan 5,7 ming km bo‘lib, u havoda 66 daqiqa bo‘lgan va taxminan 900 km masofaga uchgan. Taxminlarga ko‘ra, raketa tik trayektoriya bo‘ylab uchirilgan. Shuningdek, Yaponiya rasmiylari raketaning mumkin bo‘lgan masofasi 14 ming km dan oshgani, shu sababli u Amerikaga yetib bora olishini taxmin qilmoqda.

Voqea munosabati bilan Yaponiya hukumati KXDR rasmiylariga norozilik bildirgan. O‘z navbatida Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida ham jurnalistlarga Tokio raketa uchirilishi atrofidagi vaziyatni kuzatish uchun Vashington va Seul bilan yaqindan hamkorlik qilishini aytgan.

Hozircha hodisa bilan bog‘liq hech qanday vayronagarchiliklar haqida ma’lumot berilmagan. Yaponiya patrul kemalari mintaqadagi boshqa kemalarni o‘q-dori parchalari topilsa, ularga yaqinlashmaslikka va zudlik bilan rasmiylarga murojaat qilishga undagan. Yaponiya Bosh vaziri devonida axborot to‘plash va tahlil qilish uchun favqulodda inqiroz guruhi yig‘ilishi chaqirilgan.

Ma’lumot uchun, Shimoliy Koreya o‘tgan yili rekord darajada (70 dan ortiq) raketa uchirgan. Hozirgi raketa uchirilishi 2023 yildagi ikkinchisi bo‘lsa, avvalgisi 1 yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing