Yaponiya G7 yetakchilarini atom bombasidan omon qolganlar bilan uchrashtirmoqchi
Olam
−
15 aprel 2023
5347Yaponiya hukumati G7 sammiti ishtirokchilarining Xirosima va Nagasaki shaharlaridagi Amerika atom bombalaridan omon qolgan yaponiyaliklar bilan uchrashuvini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda bugun, 15 aprel kuni “Kyodo” agentligi ma’lum qildi.
Uchrashuv joriy yilning 19-21 may kunlari Xirosimada bo‘ladigan G7 sammiti doirasida davlat rahbarlarining Xirosimadagi portlash oqibatlariga bag‘ishlangan Tinchlik muzeyiga tashrifi chog‘ida tashkillashtirilishi mumkin. Aytilishicha, Yaponiya rasmiylari shu yo‘l bilan yadroviy qurolsizlanish jarayoniga turtki berishga umid qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Xirosima va Nagasaki atom bombalari AQSH tomonidan Ikkinchi Jahon urushining oxirida Yaponiyaning taslim bo‘lishini tezlashtirish uchun rasman e’lon qilingan maqsad bilan amalga oshirilgan. Ular insoniyat tarixida yadro qurolidan jangovar foydalanishning yagona namunasi hisoblanadi.
Xirosimadagi fojia
1945 yil 6 avgustda Xirosimada Amerika atom bombasining portlashi oqibatida 70 mingdan 100 minggacha odam bir zumda halok bo‘lgan, ko‘plab tirik qolganlar keyinchalik radiatsiya kasalligi va bombardimonning boshqa oqibatlaridan vafot etgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xirosimada atom hujumi qurbonlarining umumiy soni 308 ming kishidan oshdi. Nagasaki 1945 yil 9 avgustda AQSH tomonidan bombardimon qilingan. Portlash paytida uning 70 mingga yaqin aholisi halok bo‘lgan, shahar yer yuzidan supirilib tashlangan. Ushbu fojia qurbonlari soni 175 ming kishidan oshgan.
LiveBarchasi