Yaponiya Bosh vaziri Markaziy Osiyo yetakchilari uchun ziyofat uyushtirdi (video)
Jamiyat
−
19 dekabr 2269 2 daqiqa
Bugun, 19 dekabr kuni Tokioga tashrifining birinchi kuni yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Akasaka saroyida Yaponiya Bosh vaziri nomidan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari sharafiga o‘tkazilgan rasmiy qabul marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston yetakchisini Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi kutib oldi.

Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.

O‘zbekiston rahbarining Yaponiya hukumati rahbari bilan muzokaralari hamda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammiti doirasidagi asosiy tadbirlari ertaga, 20 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Tadbir doirasida “yashil iqtisodiyot” va barqaror taraqqiyot, o‘zaro bog‘liqlik va mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash hamda inson resurslarini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi. Sammit yakunlari bo‘yicha Tokio deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.
Sammit dastlab 2024 yil avgust oyida Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo Yaponiyada Tinch okeani sohilida mega zilzila xavfi yuzaga kelishi munosabati bilan favqulodda tayyorgarliklar sabab bekor qilingan edi.
Yaponiya ushbu sammit orqali Markaziy Osiyo bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni maqsad qilgan. Sammitda mintaqaviy xavfsizlik, savdo va investitsiya imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Yapon rasmiylari ushbu tadbirni global davlatlarning mintaqaga ta’sirini muvozanatlash imkoniyati sifatida ko‘rmoqda.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr