Yaponiya 50 yil ichida ilk bor pandalarsiz qoladi
Olam
−
15 dekabr 2005 2 daqiqa
Kelasi yil yanvar oyida Yaponiya 1973 yildan buyon ilk bor o‘z hayvonot bog‘laridagi barcha pandalardan ayriladi. Bunga Xitoy bilan munosabatlarning sovuqlashuvi sabab bo‘lmoqda. Bu haqda “Kyodo” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Yaponiyada qolgan so‘nggi gigant pandalar – Tokio shahridagi Ueno hayvonot bog‘ida yashovchi erkak Syao-Syao va urg‘ochi Ley-Ley egizaklari 2026 yil yanvar oyida Xitoyga qaytarilishi kerak. Chunki fevral oyida ularning ijara muddati yakuniga yetadi.
Joriy yilning iyun oyida Yaponiya Vakayama prefekturasidagi “Advanture World” bog‘idan to‘rtta pandani Xitoyga qaytargan. Shundan so‘ng mamlakatda faqatgina Ueno hayvonot bog‘idagi egizak pandalar qolgan.
Qayd etish joiz, hozirda Tokio va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashuv davrini boshdan kechirmoqda. Bunga Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaitining Tayvan atrofidagi vaziyatga oid bayonoti sabab bo‘lgan. U agar bu holat harbiy kemalar va harbiy kuch qo‘llanilishi bilan kechsa, buni “mavjudlikka tahdid soluvchi inqiroz” sifatida baholash mumkinligini aytgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu javob rasmiy pozitsiya o‘rnida aytilmagan, balki Takaitining tezkor munosabati bo‘lgan.
Bunga javoban Xitoyning Osakadagi bosh konsuli Syue Szyan X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida izoh qoldirdi.
“Bu yerga o‘zbilarmonlik bilan aralashgan bu iflos bo‘ynini bir lahza ham ikkilanmay sindirishdan boshqa choramiz qolmadi. Bunga tayyormisiz?” degan mazmunda post joylagan. Keyinchalik ushbu post o‘chirib tashlangan.
Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida o‘zaro norozilik notalari, elchilarni chaqirib olish va chaqirtirishlar bilan bog‘liq bir qator diplomatik harakatlar yuz berdi. Takaitining bayonotlaridan taxminan 10 kun o‘tib, noyabr o‘rtalarida Xitoyning Ta’lim vazirligi hamda Madaniyat va turizm vazirligi o‘z fuqarolarini xavfsizlik vaziyati yomonlashgani sababli Yaponiyaga safarlardan tiyilishga chaqirdi. Yaponiyada bo‘lib turgan xitoyliklarga esa hushyorlikni oshirish va o‘zini himoya qilish choralarini kuchaytirish tavsiya etildi.
Xitoy aviakompaniyalari Yaponiyaga parvozlar uchun chiptalarni bepul qaytarish imkoniyatini taklif qildi. Munosabatlar keskinlashuvi fonida Xitoyda yapon san’atkorlarining chiqishlari va yapon filmlarining namoyishi ham bekor qilina boshlandi.
Live
Barchasi