Yapon ayoli dunyo “o‘yini”ni buzmoqchi

Tahlil

image

Va nihoyat, Yaponiyaning o‘ttiz yildan ortiq davom etgan deflyatsion (narxlarning muttasil pasayishi) turg‘unlik va “yo‘qotilgan o‘n yilliklar” silsilasi ortda qolayotgandek. 2026 yilning fevral oyi mamlakat iqtisodiyoti uchun tarixiy burilish nuqtasi bo‘ldi: mamlakatning birinchi ayol Bosh vaziri Sanae Takaichi va uning Liberal-demokratik partiyasi saylovlarda mutlaq g‘alaba qozondi. Takaichining iqtisodiy islohotlar dasturi ko‘pchilik tahlilchi va jurnalistlar tomonidan “Sanaenomika” nomi bilan atalmoqda (xuddi AQSH prezidentlaridagi kabi, masalan: Reyganomika). Ushbu yangilanishlar shunchaki siyosiy o‘zgarish emas, balki Yaponiyaning global iqtisodiy o‘yinga shiddatli qaytish deklaratsiyasi sifatida ko‘rilmoqda.

Yangi hukumat strategiyasi – yuqori texnologiyali investitsiyalar, sun’iy intellekt va mudofaa sanoatining modernizatsiyasi orqali YAIM (Yalpi ichki mahsulot) o‘sishini barqarorlashtirishni ko‘zda tutadi. Yillar davomida tushkunlikda yashagan yapon jamiyati uchun ushbu “Sanaenomika” dasturi nafaqat iqtisodiy yechim, balki milliy yuksalish umidiga aylandi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Yaponiya nihoyat o‘zining iqtisodiy turg‘unlik tamg‘asidan qutulib, “Ikkinchi Yapon iqtisodiy mo‘’jizasi”ni ko‘rsata oladimi?

Yapon stagnatsiyasi tarixi

Yaponiya nomi tilga olinganda, har bir inson tasavvurida, avvalo, ekologik musaffolik va hayratlanarli darajada tartibli hayot tarzi gavdalanadi. Yapon xalqi esa o‘zining intizomi, mehnatsevarligi va yuksak intellektual salohiyati bilan jahon ahlining ehtiromiga sazovor bo‘lgan. Har bir mahsulotdagi “Made in Japan” belgisi shunchaki ishlab chiqarilgan joyni emas, balki asrlar davomida shakllangan benuqson sifat, yuksak texnologiya va iste’molchiga bo‘lgan cheksiz hurmat kafolatini anglatadi.

Yaponiya Ikkinchi jahon urushidan mag‘lubiyat bilan chiqib, qisqa fursat ichida dunyoning ikkinchi eng qudratli iqtisodiyotiga aylana oldi. Bunday favqulodda iqtisodiy ko‘tarilish tarixga “Yapon iqtisodiy mo‘’jizasi” nomi bilan kirdi. 1968 yil Yaponiya YAIM hajmi bo‘yicha G‘arbiy Germaniyani ortda qoldirib, dunyo reytingida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgandi. Ayniqsa, 1980 yillarda uning iqtisodiyoti shu qadar qudratli ediki, ko‘plab tahlilchilar Yaponiya tez orada AQSHni ham quvib o‘tib, birinchi o‘ringa chiqishini bashorat qilishgan. O‘sha davrda Yaponiya dunyo YAIMining qariyb 15-18 foiz qismini tashkil qilgan. Tokio markazidagi imperator saroyi joylashgan yer maydoni esa butun Kaliforniya shtatidan qimmatroq baholangan edi.

Ammo bu ulkan “iqtisodiy pufak”ning (“bubble economy”– bu aktivlar narxining real qiymatiga nisbatan keskin ravishda ko‘tarilib ketish holatidir) yorilishi ortida nafaqat ichki omillar, balki global siyosiy “o‘yinlar” ham yotgan edi. 1985 yilda AQSH o‘zining savdo tanqisligini kamaytirish maqsadida G5 davlatlarini “Plaza kelishuvi”ni imzolashga majbur qildi. Ushbu kelishuvning asosiy maqsadi dollar kursini tushirish va iyenani (Yaponiya pul birligi) sun’iy ravishda qimmatlashtirish edi. Natijada iyena kursi keskin ko‘tarilib ketdi, bu esa Yaponiya eksportini qimmat va raqobatbardosh bo‘lmagan holatga keltirib qo‘ydi. Eksportga asoslangan yapon iqtisodiyoti zarbani yumshatish uchun foiz stavkalarini pasaytirdi, bu esa ko‘chmas mulk va aksiyalar bozorida asossiz qimmatlashishni keltirib chiqardi. 1990 yillarning boshida bu “pufak” yorilgach, Yaponiya o‘zi hali ham to‘liq chiqib keta olmayotgan deflyatsion spiralga (narxlar tushishi ishlab chiqarishning qisqarishiga, bu esa o‘z navbatida narxlarning yanada ko‘proq tushishiga olib kelish jarayoni) “g‘arq bo‘ldi”.

Stagnatsiyaning (turg‘unlik) asosiy belgilari keyingi 30 yilda namoyon bo‘ldi. Narxlarning o‘smasligi, ish haqining qotib qolishi va iste’mol talabining o‘lishi YAIM hajmini “qotib qolishiga” olib keldi. Mamlakatdagi demografik inqiroz oqibatida ishchi kuchining kamayishi ham mamlakat iqtisodiyotini o‘sishiga to‘sqinlik qila boshladi. Yaponiya Markaziy banki dunyoda birinchilardan bo‘lib manfiy foiz stavkalari va “Quantitative Easing” (miqdoriy yumshatish – iqtisodiyotda pul aylanishini ko‘paytirish va foiz stavkalarini pasaytirish uchun yirik miqyosda pul bosib chiqarish siyosati) usullarini qo‘lladi, ammo bu choralar iqtisodiyotni uyg‘otishga yetarli bo‘lmadi.

Garchi Yaponiya 2010 yilgacha dunyoning ikkinchi yirik iqtisodi maqomini saqlab qolgan bo‘lsa-da, avvaliga Xitoy keyinchalik esa Germaniya uni quvib o‘tdi va Yaponiya kuchli uchlikdagi o‘rnini yo‘qotdi.

2012 yilda Shinzo Abe hokimiyatga kelgach, faol pul-kredit siyosati, moslashuvchan fiskal va tarkibiy islohotlar orqali vaziyatni o‘zgartirishga urindi. “Abenomika” iqtisodiyotni biroz jonlantirgan bo‘lsa-da, koronavirus pandemiyasi va global geosiyosiy beqarorlik bu jarayonni to‘xtatib qo‘ydi.

Yaponiya “o‘yinga” qayta oladimi?

Sanae Takaichi Yaponiya tarixidagi ilk ayol bosh vazir sifatida rasman 2025 yil 21 oktyabr kuni parlament tomonidan tasdiqlandi. O‘zining millatchilik ruhidagi nutqlari, siyosatdagi konservativ qarashlari va agressiv iqtisodiy islohot dasturi bilan ko‘pchilikning e’tiborini qozongan Takaichi, sobiq Buyuk Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcherga qiyoslanmoqda.

Bosh vazir saylovoldi kampaniyasida xalqqa quyidagilarni va’da qilib kelgan:

• oziq-ovqat mahsulotlari uchun belgilangan 8 foizlik iste’mol solig‘ini ikki yilga to‘xtatib turish;
• xarajatlarni oshirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish;
• uy xo‘jaliklari xarajatlarini rag‘batlantirish va boshqa soliq tushumlarini ko‘paytirish.

Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, oziq-ovqat solig‘ining bekor qilinishi g‘azna daromadini yiliga 5 trillion iyenaga (32 milliard dollar) kamaytiradi. Ushbu xabar fonida Yaponiyaning 10 yillik davlat obligatsiyalari daromadliligi 19 yanvar kuni so‘nggi 27 yildagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi.

Sanae Takaichi ma’muriyati 2026 yilda yangi milliy xavfsizlik strategiyasini qabul qilishni rejalashtirgan. Unga ko‘ra, mamlakat mudofaa xarajatlari yalpi ichki mahsulotning 2 foizigacha oshiriladi. Bu Yaponiyaning mudofaa xarajatlarini uzoq yillar davomida 1 foiz atrofida ushlab turish an’anasidan keskin voz kechishini anglatadi.

Ayniqsa, chip (yarimo‘tkazgichlar) sektori “Sanaenomika”ning asosiy dvigateliga aylanishi kutilmoqda. Hukumat mahalliy chip ishlab chiqaruvchilarga va sun’iy intellekt laboratoriyalariga ulkan subsidiyalar ajratmoqda. Endi mablag‘lar ko‘chmas mulkdagi sun’iy o‘sishga emas, balki real texnologik qudratga yo‘naltirilyapti.

“Sanaenomika” – bu shunchaki “Abenomika”ning davomi emas, balki Yaponiyani global texnologik yetakchilikka qaytarishga qaratilgan agressiv va strategik rejadir. Takaichi xalqqa juda oddiy, ammo inqilobiy va’da berdi, unga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish milliy xavfsizlikning ajralmas qismidir.

2026 yilning boshida Yaponiya siyosiy maydonida ro‘y bergan tarixiy o‘zgarishlar nafaqat ushbu mamlakatni, balki butun dunyo moliya bozorlarini larzaga keltirdi. Takaichi 23 yanvar kuni mamlakat parlamentining quyi palatasini tarqatib yuborishini e’lon qilib, 8 fevral kuni quyi palatadagi barcha 465 ta o‘rin uchun umummilliy saylovlar bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgan edi.

“Men ushbu saylovga bosh vazir sifatidagi o‘z siyosiy taqdirimni tikkanman. Xalq davlat boshqaruvini menga ishonib topshirish-topshirmaslik masalasida bevosita hakam bo‘lishini xohlayman”, degan edi Takaichi.

Liberal-demokratik partiya (LDP) muddatidan oldin o‘tkazilgan parlament saylovlarida mutlaq g‘alabani qo‘lga kiritishi va Sanae Takaichining Bosh vazir kursisini egallashi “Yapon mo‘’jizasi”ning ikkinchi fasli boshlanganidan darak bermoqda.

Mamlakatdagi noqulay iqlim sharoitiga qaramay, yapon xalqi Takaichining chorloviga “labbay”, deb javob berib, o‘z uylaridan chiqib saylovda qatnashishdi. Saylov natijalariga ko‘ra, Bosh vazir Sanae Takaichi boshchiligidagi Liberal-demokratik partiya mavjud o‘rinlarning uchdan ikki qismini qo‘lga kiritgan.

Siyosiy barqarorlik va aniq iqtisodiy yo‘nalish moliya bozorlarida darhol aks etdi. Reuters nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, saylov natijalari e’lon qilinishi bilan Yaponiyaning asosiy fond indeksi — Nikkei 225 misli ko‘rilmagan darajada “sakrash”ni amalga oshirib, tarixiy rekordlarni yangiladi. Investorlar Takaichining “kuchli iyena va kuchli sanoat” g‘oyasiga ishona boshladi. LDPning g‘alabasi yapon xalqining turg‘unlikdan charchaganini va yangi iqtisodiy yuksalishga tayyorligini isbotladi.

Xullas, Yaponiya o‘yinga shunchaki qaytmayapti, u o‘yin qoidalarini o‘zgartirish niyatida. Agar “Sanaenomika” kutilgan natijani bersa, kunchiqar yurt yaqin yillarda nafaqat kuchli uchlikka qaytadi, balki yuqori texnologiyalar asrining yangi iqtisodiy etaloniga aylanadi. Dunyo yana bir bor yapon intizomi va strategik tafakkurining mo‘’jizasiga guvoh bo‘lish arafasida turibdi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya Sanae Takaichi Yapon iqtisodiy mo''jizasi Sanaenomika Plaza kelishuvi Stagnatsiya Quantitative Easing Shinzo Abe

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing