Yanvardagi tartibsizliklar vaqtida To‘qayevga “qochish” taklif qilingan
Olam
−
24 Oktabr 2022
11621Qozog‘istonda yanvar voqealari chog‘ida Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga mamlakatni tark etish taklif qilingan edi. Bu haqda o‘sha paytda davlat rahbari ma’muriyatiga rahbarlik qilgan parlament raisi Yerlan Koshanov intervyuda gapirdi.
“Unga mamlakatni tark etib, xavfsizroq joyga borishni kim taklif qilganini aniq bilmayman. Biz shunday bo‘lganini bilamiz, lekin uni aynan kim taklif qilganini bilmayman”, deydi u.
Koshanovning aytishicha, u DQX (Davlat qo‘riqlash xizmati – Prezident qo‘riqchilari) xodimi davlat rahbari kabinetiga qanday kirib kelganiga va Oqo‘rdaga ehtimoliy hujum borligi sabab xavfsiz joyga ko‘chish zarurligi haqida xabar berganiga guvoh bo‘lgan.
“Ko‘z oldimda sodir bo‘lgan bir voqeani aytib beraman. Olma-ota va viloyatlarda tartibsizliklar bo‘lganda, men o‘sha paytda Prezident idorasida edim, bir xavfsizlik xodimi kirib kelib: “Janob Prezident, Oqo‘rdaga hujum uyushtirish ehtimoli bor, sizni xavfsiz joyga olib borishimiz kerak”. Bu to‘g‘ri, bu ularning ishi edi. Ammo keyin men Prezidentni boshqa tomondan ko‘rdim. U juda qat’iy javob berdi: “Hech qayoqqa bormayman, nima bo‘lsa ham shu yerda ko‘raman”, deb ko‘rganlarini aytib bergan Koshanov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yanvar voqealari paytida To‘qayev 10 kun davomida Oqo‘rdadan chiqmagan.
Koshanovning so‘zlariga ko‘ra, yanvar oyi boshida Prezident ma’muriyati kuchaytirilgan rejimda ishlagan. Har uch soatda To‘qayev boshchiligida shtab faoliyat yuritgan.
Qozog‘istondagi namoyish
Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.
5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.
7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi.
13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.
LiveBarchasi