Yanvar voqealari ishtirokchilariga amnistiya beriladi
Olam
−
01 Sentabr 2022
6274Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatda joriy yil boshida sodir bo‘lgan “Qonli yanvar” voqealari ishtirokchilariga amnistiya e’lon qildi. Bu haqda davlat rahbari bugun, 1 sentyabr kuni xalqqa qilgan Murojaatida aytgan.
Qozog‘istonga milliy birlik suv va havodek kerak, degan davlat rahbari.
“Qonli yanvar” kunlari huquq-tartibot tizimi uchun jiddiy sinov bo‘ldi. Keyin provokatorlar ta’siri ostida mitinglar ommaviy tartibsizliklarga aylanib, keyinchalik davlatga qarshi qo‘zg‘olon xarakteriga ega bo‘ldi.
Ko‘plab qo‘zg‘atuvchilar shartli yoki yengil jazolar bilan qutulishdi. Biroq, ularning aybi darajasi ancha yuqori, chunki bu odamlar vaziyatni ataylab keskinlashtirgan va fojia bilan yakunlangan vaziyatning keskinlashishida asosiy rol o‘ynagan”, deydi Prezident.
Uning qayd etishicha, endilikda ko‘plab talab va takliflardan kelib chiqib, ommaviy tartibsizliklarni qo‘zg‘atganlik uchun jazoni kuchaytiriladi. Vakolatli organlar ushbu masalani o‘rganib, aniq choralar ko‘rishi kerak.
“Har qanday ommaviy provokatsiya va noqonuniy xatti-harakatlarga keskin javob berishimiz kerak. Bunday buzg‘unchi xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygan, qonunni buzishga da’vat qilayotgan insonlar og‘ir jazodan qutula olmaydi”, deydi To‘qayev.
U so‘zida davom etarkan, plyuralizm va so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlashini, biroq davlatga qarshi to‘ntarish davrida bular ikkinchi planga chiqishini urg‘ulagan.
“Biz siyosiy plyuralizmga ha, ekstremizm, banditizm, bezorilikka qat’iy yo‘q deymiz” degan umumiy tamoyilimizni butun jamiyatga eslatib o‘tmoqchiman.
Maqsadli provokatsiyalar boshlangan joyda so‘z erkinligi va fikr plyuralizmi haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Bu jamiyat barqarorligi va xavfsizligiga tajovuz, davlat poydevorini silkitishga urinishdir”, deydi To‘qayev.
Uning qayd etishicha, bugun Qozog‘istogn xalqiga har qachongidan ham birdamlik kerak. Namoyishchilar ham, huquq-tartibot idoralari xodimlari ham nafaqat xolis adolatdan, balki jamiyatning mehr-oqibatidan umidvor bo‘lmoqda.
“Davlat yanvar voqealarida og‘ir jinoyat sodir etmagan ishtirokchilarga nisbatan jazoni yengillashtirgan. Qonunni buzganlarning ko‘pchiligi o‘z aybini anglab, qilmishlaridan pushaymon bo‘ldi. Menimcha, ular ikkinchi imkoniyatga loyiq. Shuning uchun men yanvar voqealari ishtirokchilariga nisbatan bir martalik amnistiya o‘tkazishga qaror qildim”, deydi Prezident.
Uning alohida urg‘ulashicha, amnistiya tartibsizliklarni uyushtirishda ishtirok etgan asosiy ayblanuvchilarga, shuningdek davlatga xiyonat va hokimiyatni zo‘ravonlik bilan almashtirishga urinishda ayblanayotganlarga ta’sir qilmaydi.
Terrorchilik va ekstremistik jinoyatlarni sodir etgan shaxslar, retsidivistlar, qiynoqlar qo‘llagan shaxslar amnistiyaga tushmaydi.
“Insonparvarlik ko‘rsatish orqali biz xalq sifatida bu fojiadan saboq olib, uning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaymiz.
Yanvar voqealari chog‘ida halok bo‘lgan, og‘ir moddiy ahvolda qolganlarning oilalariga moddiy yordam ko‘rsatiladi. “Qozog‘iston xalqiga” jamg‘armasi ham bu ezgu ishga munosib hissa qo‘shadi, deb o‘ylayman”, deydi Prezident.
Xulosa qilinishicha, yanvar fojiasining muhim saboqlari jamoat xavfsizligini sezilarli darajada oshirish zarurligini anglatadi.
Ma’lumot o‘rnida, yanvar oyi boshida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, ularning ishtirokchilari politsiya va harbiylarga hujum qildi. To‘qev davlat to‘ntarishiga urinish haqida e’lon qildi va yordam so‘rab Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga murojaat qildi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashdi, 19 yanvardan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hodisalar natijasida 238 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
LiveBarchasi