Yangiyo‘ldagi uyda portlash yuz berdi. Ikki kishi halok bo‘ldi
Jamiyat
−
30 noyabr 2020
7660Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida yong‘in kelib chiqdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 30 noyabr kuni soat 7:42 da tumanning Istiqlol ko‘chasi, "Qirariq" MFYda joylashgan 80-sonli uyda gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Oqibatda uyning bir qismi qulab tushgan va xonadon sohiblari vayronalar ostida qolgan. Turar-joyning zarar yetgan qismidan 1984 y.t. I.S., 1987 yilda tug‘ilgan I.N., 2006 yilda tug‘ilgan I.R. va 2009 yilda tug‘ilgan I.S. olib chiqilib, tibbiyot muassasasiga yuborilgan.
“Chaqnash oqibatida 1984 y.t. I.S., 2006 yilda tug‘ilgan I.R. vafot etgan bo‘lib, 1987 yilda tug‘ilgan I.N. va 2009 yilda tug‘ilgan I.S. turli darajada tan jarohatlari olgan”, deyiladi xabarda.
Chaqnashning asosiy sababi sifatida tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining buzilishi taxmin qilinmoqda.
Voqea joyida Toshkent viloyati hokimligi, viloyat IIB, FVB, SSB va tegishli idoralarning kuch va vositalarini jalb qilingan bo‘lib, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.