Yangiyo‘lda homilador ayolni bog‘lab qo‘yib, bosqinchilik uyushtirgan 5 kishi ushlandi

Jamiyat

image

Joriy yilning 13 fevral kuni Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida besh kishi 20 yoshli qizning uyiga bostirib kirdi. Bu haqda Tergov departamenti ma’lum qildi.

Soat 03:00 larda  noma’lum shaxslar yuzlariga niqob va qo‘llariga rezina qo‘lqop kiygan holda Yangiyo‘l shahar Fayzli mahallasi Ma’rifat ko‘chasida joylashgan 20 yoshli Nozima Yu.ning yashash xonadoniga devordan oshish yo‘li bilan kirgan.

Bosqinchilar Nozima Yu.ni hayot uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish yo‘li bilan qo‘rqitib, yuz qismiga bir marotaba urib og‘zini skotch yordamida berkitib, qo‘shni yotoqxonada uxlab yotgan homilador 25 yoshli Yulduz D.ning qo‘llarini skotch yordamida bog‘lab qo‘yishgan. Shundan so‘ng ular Nozima Yu. va Yulduz D.ga tegishli jami 1320 AQSH dollarlik qimmatbaho buyumlarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib hodisa joyidan yashiringan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, ushbu jinoyatni Zangiota tumani Zangiota va O‘rtaovul mahallalarida yashovchi 26 yoshli Qodirbek T., 33 yoshli Lutfilla F., 24 yoshli Husan S., 24 yoshli Doniyor T. va 23 yoshli Abdukarim A. sodir etgani aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyat IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Qodirbek T., Lutfilla F., Xusan S., Doniyor T., va Abdukarim A.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinganlar.

Hozirda tergov davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

444

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing