“Tashkent City” ishchilariga maosh berilmayotgani bo‘yicha izoh berildi
Jamiyat
−
25 iyun 2019
6519“Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi direksiyasiga “Apex Design Architecture Construction” MCHJ hodimlarining “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilishida ishlagan ishchilarning oylik maoshlari to‘lanmaganligi yoki o‘z vaqtida to‘lanmayotganligi to‘g‘risidagi murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlarni o‘rganib chiqqan tashkilot, quyidagilarni ma’lum qilmoqda:
“Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi LOT-1da ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurilish ishlarida “High Land City” MCHJ investor hamda buyurtmachi sifatida qatnashib kelmoqda. Qurilish ishlarini bajarishga pudrat tashkilotlari ham jalb qilingan. Jumladan, 2019 yil fevralda “Apex Design Architecture Construction” MCHJ hamda “High Land City” MCHJ o‘rtasida pudrat shartnomasi tuzilgan, shartnomaga ko‘ra, pudratchi LOT-1da qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning ichki qismlarini pardozlash ishlarini amalga oshirishi belgilangan.
Hozirgi kunga qadar pudratchi tashkilot tomonidan amalga oshirilgan barcha qurilish ishlari uchun to‘lovlar to‘liq amalga oshirilgan va “High Land City” MCHJning “Apex Design Architecture Construction” MCHJ oldida bajarilgan ishlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud emas. “Apex Design Architecture Construction” MCHJning ishchilaridan oylik maoshlari to‘lanmaganligi holatlari bo‘yicha murojaatlari yuzasidan “High Land City” MCHJ tomonidan tegishli huquq-tartibot organlariga qonuniy chora ko‘rish maqsadida ma’lumot berilgan.
O‘z navbatida “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi direksiyasi va “High Land City” MCHJ ma’muriyati o‘rnatilgan tartibda “Apex Design Architecture Construction” MCHJ xodimlarining qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashda har taraflama ko‘maklashishga tayyorligini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 iyuldagi “Toshkent shahrining markaziy qismini obodonlashtirish va arxitekturaviy qiyofasini yanada yaxshilash hamda aholi va poytaxt mexmonlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 559-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yangi zamonaviy kompleks – “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
LiveBarchasi