Yangi vazirimiz ham avtokratiya yo‘lidan ketmoqda – Kusherboyev 

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekistonda ishga joylanmagan bitiruvchilari soni ko‘p bo‘lgan OTM sifatsiz ta’lim berayotgan muassasa deb topilib, bunday OTMlarning faoliyatini tugatish masalasi ko‘rib chiqilishini aytgan edi. Vazirning ushbu fikriga jamoatchilik faoli, sobiq deputat Rasul Kusherboyev o‘z munosabatini bildirdi.

“Mantiq va qonun chegarasiga to‘g‘ri kelmaydigan harakatlar uzviy davom etmoqda. Bu gal oliy ta’limda. Bu normal jamiyat vaziri emas, “avtoritar rejim”ga xos jamiyat mulozimining tahdidi. Yangi vazirimiz ham avtokratiya yo‘lidan ketmoqda”, deya fikr bildirgan jamoatchilik faoli.

Shuningdek, Kusherboyev laganbardorlar ko‘pligi bois O‘zbekiston “avtoritar rejim”li davlatlar qatoridan o‘rin olganini ham eslatib o‘tdi.

“Haddingdan oshma deguvchi akalar: qancha xaspo‘shlamaylik bizni shundoq ham “avtoritar rejim”li davlatlar qatoriga qo‘shib qo‘yishgan. Buning asosiy sababi real ish qolib, ko‘p sohada xo‘jako‘rsinga ishlash, kattalarga “paxta qo‘yish” bilan vaqt o‘tkazayotganimiz”, deya tanqid qilgan u.

Shuningdek, Rasul Kusherboyev birorta ham normativ huquqiy hujjatda OTMlar bitiruvchilarni ishga joylashtirishga majburligi haqida qoidani ko‘rmaganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, OTM vazifasi sifatli ta’lim berish va agar tegishli ta’lim darajaga ega bo‘lsa bitiruvchiga diplom tutqazishdan iborat.

Bundan tashqari, u vazirga xorijdagi nufuzli OTMlar masalan, Harvard, Oxford, Cambridge kabilarga ham shunday talablar qo‘yilganmikan? Ular qanaqa vazirlarning talablaridan kelib chiqib shunday natijalarga erishgan, deya savollar yo‘llagan.

“Bir narsa oydinlashib bormoqda. Bu ketishda O‘zbekistonda birorta ham OTM yaqin orada TOP 500 talikka kirmasa kerak”, deya qo‘shimcha qilgan Rasul Kusherboyev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing