Yangi urush o‘chog‘iga nomzod. Tayvan oroli

Tahlil

image

Birinchi jahon urushidan keyin 1926 yilda Xitoyda hokimiyat tepasiga Chan Kayshi boshchiligidagi Gomindan partiyasi keldi. Mamlakatda boshboshdoqlik avj olgan va ingliz lobbisi boshqaruvning har bir qarichiga chirmashib olgan paytda bu haqiqiy qahramonlik edi. Biroq mazkur davrda Xitoyda yana bir kuch – kommunistlar ham kuchayib borayotgandi. Ular 1931 yilda Xitoy Sovet Respublikasiga asos soldi. Bu voqelik esa keyinchalik gomindanchilar va kommunistlar o‘rtasidagi uzoq davom etgan 20 yillik fuqarolar urushiga olib keldi. Ikkinchi jahon urushi yakunlangandan so‘ng, Xitoydagi lokal mojaro bir qadar jiddiy tus oldi. Ikki yirik o‘yinchilar – AQSH va SSSRning ushbu muammoga aralashishi vaziyatni yanada chigallashtirdi. Amerikaliklar Gomindan partiyasi tomonida turgan bo‘lsa, SSSR kommunistik rejimni qo‘llab-quvvatladi. Dastlab gomindanchilar urushda ustunlik qildi, biroq Sovet Respublikasining ancha salmoqli yordami tufayli kommunistlar yakunda masalani o‘z foydasiga hal qildi. 1949 yilda Mao Szedun boshchiligidagi kommunistlar butun Xitoyni bo‘ysundirdi va Xitoy Xalq Respublikasini e’lon qildi. Gomindanchilar esa mamlakat hududi bilan suv orqali ajralib turgan Tayvan oroliga ko‘chib o‘tgan holda XXRdan alohida mustaqil bo‘lgan davlatni barpo etganini ma’lum qildi. Mazkur hodisa esa dunyo hamjamiyatiga bugun ham yashashda davom etayotgan 75 yoshli “Tayvan mojarosi”ni tuhfa qildi.

Xiyonat qurboni bo‘lgan orol

Dunyo xaritasida ikkita “Xitoy” paydo bo‘lgandan so‘ng xalqaro munosabatlarda 30 yil davomida qiziq holat kuzatildi. Dunyo davlatlarining aksar qismi, xalqaro tashkilotlar, shu jumladan BMT bilan munosabatlarda Xitoy nomidan Tayvandagi hukumat aloqalarga kirishgan. Bunga bir qancha sabablar bor edi. Xususan, BMTni tashkil qilishda Xitoy nomidan aynan gomindanchilar qatnashishgan. Sababi Ikkinchi Jahon urushi yakuniga qadar Chin yurtining katta qismi aynan ular tomonidan nazorat qilinardi. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar va kapitalistik dunyoda bu paytda kommunizmga qarshi kayfiyat avj olgan va ular o‘z-o‘zidan XXRning siyosiy va iqtisodiy qarashlarini xushlamasdi. G‘arb dunyosi uchun kapitalistik yo‘lni tanlashga moyil bo‘lgan Tayvan (Xitoy Respublikasi) bilan aloqa qilish ancha qulay edi. Bu faktorlar Tayvanga Xitoydagi asosiy yerlarga egalik qiluvchi XXRdan umumiy yer maydoni 267 martaga kichik bo‘lishiga qaramay, xalqaro maydonda Xitoy nomidan birinchi darajali davlat sifatida qatnashishga yo‘l ochgan.

Biroq ulkan yer maydoni va milliardga yaqinlashayotgan aholi omili o‘z rolini o‘ynamay qolmadi. 1979 yildan bo‘shab Xitoy BMTda Tayvanning o‘rnini egalladi va bu voqea orolning mustaqil va tan olingan davlat mavqeyini bir lahzada “kvazi davlat” maqomi bilan almashtirdi. Bu paytga kelib, XXR dunyoda o‘zining ulkan ta’siriga ega bo‘lib ulgurgan edi. Mao Szedun o‘limidan so‘ng, o‘zining yuqori darajali pragmatizmi bilan tanilgan Den Syaopin hokimiyat tepasiga keldi va bugungi qudratli Xitoyning poydevorini qurishni boshladi. Qishloq xo‘jaligini yaxshilashga qaratilgan islohot rivojlanishdagi eng asosiy nuqta bo‘lib xizmat qildi. Xitoy 900 millionga yaqin aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlashni uddaladi. Bundan tashqari, u bu sohadagi asosiy eksportyor bo‘lib oldi. Bu va boshqa sohadagi ta’sirlar orqali “ajdarlar” asta-sekinlik bilan dunyo davlatlari uchun muhim sub’ektga aylandi. Ustiga-ustak gomindanchilarning otasi bo‘lgan va xalqaro doiralarda o‘ziga yarasha obro‘ga ega Chan Kayshi 1975 yilda vafot etgandi. Bu esa G‘arb davlatlarini hech bir ikkilanishsiz Xitoyni Tayvan bilan almashtirishlariga sabab bo‘ldi.
 
Tayvan hayotini saqlab qolgan uch voqea

Mazkur jarayon Tayvan uchun xavotirlar va bir qancha jiddiy savollar tug‘dirdi. Bu holatda ularning mustaqilligi so‘roq ostida qoldi. Doimiy ravishda yuqori darajadagi diplomatik aloqalarni olib boradigan davlatlar Tayvan bilan faqatgina ishchi doiradagi munosabatlarni saqlab qoldi, qisqa qilib aytganda, ular orolga shunchaki xiyonat qildi. Xitoyning shiddat bilan rivojlanib, yer yuzida ta’sir doirasi to‘xtovsiz ravishda kengayib borayotgani esa Tayvan uchun yanada xatarli edi.

Biroq Tayvan mustaqilligi bir qancha ob’ektiv sabablarga ko‘ra saqlanib qoldi. Bunda asosan uch omil muhim ahamiyat kasb etadi. Birinchisi, bu orolning geografik joylashuvidir. Chan Kayshi o‘z tarafdorlari bilan mamlakatni tark etayotganda, strategik jihatdan juda muhim joy tanlagani u tomonidan qurilgan “muammoli davlat”ning keyinchalik ham uzoq yashab qolishida ma’lum darajada xizmat qilgan. Bugun orol joylashgan hudud AQSHning bu mintaqadagi yashovchanligini ta’minlaydi. AQSH harbiy mulozimlariga ko‘ra, bu orol ayni damda mamlakatning Janubi-sharqiy Osiyo hududidagi qolgan hamkorlarini Xitoy tajovuzidan saqlovchi “bufer zona” hisoblanadi. Ushbu jihat Tayvanni Xitoyga berib qo‘ymaslik uchun muhim sabablardan biridir.

Tayvan iqtisodiy rivojlanish jarayonini 1960 yillarda boshladi. Shu paytdan boshlab Tayvan katta tezlikdagi iqtisodiy rivojlanish davriga kirdi. Keng ko‘lamdagi iqtisodiy va industrial rivojlanish orolning mustaqillik ildizlarini yerga yanada chuqurroq qilib qadadi. Bu darajadagi keskin rivojlanish “Tayvan mo‘jizasi” deb nomlandi.

Yuqorida keltirilgan ikki sabab – geografik joylashuv va iqtisodiy rivojlanish – orolning keyingi taqdirida bir-biridan kam bo‘lmagan muhim rollarni bajargan. Biroq bular eng zarur sabablar emas. Tayvan mustaqilligi uchun suv va havodek muhim bo‘lgan tayanch bu – yarimo‘tkazgichli mikrochiplardir. Raqamli dunyo bu moslamasiz joyida toshdek qotgan bo‘lardi. Texnologiya asri yarim o‘tkazgichlar bilan uzviy bog‘langan. Bugun ushbu zarur mahsulotning asosiy ishlab chiqaruvchisi aynan Tayvan hisoblanadi. Orolda sodir bo‘ladigan har qanday beqarorlik dunyo texnik holati uchun fatal oqibatlarni keltirib chiqaradi. Shunday qilib, ayni paytda 35 ming kvadrat km maydonda joylashgan Tayvanni, hajmi millimetrlarda o‘lchanuvchi mayda mikrosxemalar ko‘tarib turibdi.

Tayvandagi manfaatlar to‘qnashuvi

1894-1895 yillarda bo‘lib o‘tgan birinchi Xitoy-Yapon urushidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, Xitoy hukumati yaponlar bilan Simonoseki shartnomasini imzolaydi. Unga ko‘ra, Tayvan ustidan boshqaruv huquqi Yaponiyaga beriladi va shartnoma 1945 yilgacha amal qiladi. Ikkinchi jahon urushidagi Yaponiyaning qaqshatqich mag‘lubiyati uning mustamlakachilik harakatlariga chek qo‘ygan holda, orolni o‘zining asl egasiga qaytarilishiga olib keldi. Mintaqa davlatlari uchun Tayvan oroli tarixan muhim hudud bo‘lganini ushbu voqealar orqali anglashimiz mumkin. Azaldan yirik markazlar o‘rtasida ulkan qiziqish orttirgan Tayvan bugun ham o‘ziga jalb qilish qobiliyatini yo‘qotmagan.

Tayvan nega dunyoning ikki gigantini bunchalik qiziqtirshiga bir qancha aniq sabablar mavjud. Bu sabablar asosan siyosiy va iqtisodiy ko‘rinishga ega. Iqtisodiy sabab dunyo davlatlari tomondan juda ko‘p tilga olinadigan yarimo‘tkazgich sanoati bilan bog‘liq. Tayvan kompaniyalari texnologik innovatsiyalar bo‘yicha yetakchi bo‘lib, jahon iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shmoqda. Darhaqiqat, bugun Tayvan yarimo‘tkazgichlar bozorida yaqqol yetakchi davlat hisoblanadi. Ularning jahon bozoridagi roli nafaqat raqamlar, balki ular taqdim etayotgan sifat va innovatsiyalarda ham namoyon bo‘ladi. Yarimo‘tkazgichlar raqamli inqilob uchun juda muhim bo‘lib, texnologiya sohasidagi yutuqlarni boshqaradi. Bugun Tayvan birgina yarimo‘tkazgich ishlab chiqarish bo‘yicha jahon bozorining 53 foiziga egalik qiladi. U Intel, Nvidia, AMD va Apple kabi texnogigantlarga mahsulot ishlab chiqarishda zarur bo‘lgan chiplarni yetkazib beradi. Kris Miller o‘zining “Chip urushi: Dunyoning eng muhim texnologiyasi uchun kurash” kitobida Tayvanning yarimo‘tkazgich sanoatidagi mavqeyini neft sanoatidagi Saudiya Arabistoni egallab turgan o‘rni bilan taqqoslagan.

Bundan tashqari, qalinligi 5 nanometr bo‘lgan so‘nggi avlod chiplarining deyarli 90 foizini aynan Tayvan ishlab chiqaradi. Shunday qilib, Tayvan barqarorligi nafaqat mintaqaviy xavfsizlik masalasi, balki global iqtisodiyotning o‘z oyog‘ida tik turishi bilan uzviy bog‘liqdir. Texnologiya dunyosining katta qismiga egalik qiluvchi Qo‘shma Shtatlar va Xitoy esa bugungi kundagi yetakchilik talabidan kelib chiqqan holda bu sohadagi ustunligini mustahkam qilishga muttasil urinib keladi. Tayvanning yagona Xitoy siyosatiga birlashishi esa bu masalani rasmiy Pekin foydasiga uzil-kesil hal qiladi. Biroq orol bilan olib boradigan siyosatida mavhumlik zohir bo‘lgan AQSH voqealar rivojining bunday ssenariysiga rozi bo‘la olmaydi.

Siyosiy nuqtai nazardan esa Tayvan Xitoyning bir qismi ekanligi va bo‘g‘ozning ikki tomoni ham bir Xitoyga tegishli ekanligi XXR boshqaruvchilari tomonidan tinimsiz ta’kidlanib kelinadi. Ular bu ritorikani milliy o‘zlikning bir ekanligi bilan ozuqlantiradi. Ikki tomonning odamlarini qarindoshlik va o‘zaro yordamga asoslangan tabiiy yaqinlik va milliy o‘ziga xoslik birlashtirib turishi haqidagi gaplar rasmiy bayonotlardan tushmaydi. XXR elitasida Tayvan va Xitoyning bir davlat ekanligiga qaratilgan jiddiy mafkura mavjud bo‘lib, bu – “Xitoy Kommunistik partiyasisiz Xitoy yo‘q” degan qarashdir. Ammo ayni damdagi real vaziyat bu mafkurani inkor qiladi. Chunki Tayvanning mavjudligi XKPsiz ham Xitoy mavjud bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi. Sababi faktik tomondan ayni damda yer yuzida kommunistik partiyasiz ham qaror topgan boshqa bir “Xitoy” ham mavjud bo‘lib turibdi.

Bu holat Xitoyning siyosiy ambitsiyalariga mutlaqo zid bo‘lgan holatda, uning reputatsiyasiga jiddiy putur yetkazadi. Chunki dunyo siyosiy shohsupasiga da’vo qiluvchi davlatning hududiy yaxlitligi bilan bog‘liq muammosi borligi juda ajablanarli. Ichki siyosiy muammolarni to‘liq bartaraf etmay turib, “qozon boshidagi davlatlar” bilan raqobat qilish juda mushkul. Shuning uchun Xitoy bu masalani hal qilish jarayonini tezlashtirayotgani bejiz emas. Biroq bu hol yuz berishiga Qo‘shma Shtatlar eng katta to‘siq hisoblanadi. Masala Oq uy Xitoy tomonidan ko‘p marotaba ta’kidlab kelinayotgan “bir davlat, ikki tizim” loyihasiga qanchalik ishonishiga bog‘liq. Sababi, ular Tayvan Kommunistik partiya siyosatiga birlashgan taqdirda, ichki siyosatda mustaqil bo‘lib qola oladimi yoki u ikkinchi Gongkongga aylanadimi, degan savollar so‘roq ostida qolmoqda. 

Keyingi yana bir asosiy sabab iqtisodiyot bilan bog‘liq bo‘lmasada, bevosita mo‘maygina daromadga aloqador. Xususan, Tayvan bilan bog‘langan suv yo‘llaridan har yili kamida 5,5 trillion AQSH dollari miqdordagi tovarlar import va eksport qilinadi. Bunday ulkan daromadni transportatsiya qiluvchi tranzitga ega chiqish Xitoyga mintaqada mutloq karvonboshi bo‘lishini ta’minlaydi. Qo‘shma Shtatlar esa Tayvan bilan aloqalarni va uning mustaqilligini saqlab qolgan taqdirda ham bunday ulkan imkoniyatni o‘ziniki qilish ehtimoli juda past. Lekin Oq uy hech bo‘lmaganda bu ustunlikka Xitoy ega chiqmasligidan juda xursand bo‘lgan bo‘lardi.

Sining so‘nggi orzusi va AQSHning qo‘shimcha manfaatlari

Kommunistik partiyaning oxirgi uch dekadasida Xitoy dunyoning ikkinchi raqamli davlatiga aylandi. O‘zidan keyingi davlatlarni juda katta farq bilan ortda qoldirgan Xitoy turli indeks va reytinglarda Qo‘shma Shtatlar yoniga juda yaqin joylashdi. XX asrning so‘nggi yillarida Xitoy o‘z yalpi ichki mahsulotini 6 barobarga oshridi. “Global Times” ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda ortda qolgan 40 yil ichida 800 million aholi qashshoqlikdan chiqarildi. 2020 yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida iqtisodiy, harbiy va siyosiy jihatdan yuksalgan Xitoy XKP va XXRning asrlik yubileylariga qadar qo‘ygan maqsadlariga muddatidan oldin erishdi va erishib kelmoqda. Xitoyga nisbatan chinakam jiddiy va murosasiz kuch sifatida qarash Si Szinpin davridan boshlandi. Ayrim qarashlarga ko‘ra, Si XXR raisi sifatida o‘z oldiga qo‘ygan deyarli barcha maqsadlarga yetgan. Faqatgina Tayvan mamlakat boshqaruvchisining shonli va yorqin tarixidagi qora nuqta bo‘lib turibdi. Uni Xitoyga birlashtirish Sining siyosiy maqsad va vazifalari 100 foiz bajarilganini anglatgan bo‘lardi. Ayni damdagi mavjud vaziyat Si Szinpinning missiyasi to‘laqonli yakunlanmaganini anglatadi.

Qo‘shma Shtatlarni esa Tayvan bilan ayrim raqamlar va yana bir qator sabablar bog‘lab turadi. Statistik ma’lumotlar nega AQSH Tayvan bilan aloqalarni saqlab qolgani, zarurat tug‘ulsa, uni himoya qilishga ham tayyor ekanligiga to‘laqonli javob bo‘ladi. AQSH Tayvan bilan katta hajmdagi tovar va xizmatlar savdosini olib boradi. Birgina 2022 yilda ular orasidagi savdo hajmi taxminan 160,0 milliard dollarni tashkil etgan. Bu oldi-berdilarda eksport 54,5 milliard dollar ko‘rsatkichga yetgan bo‘lsa, import 105,5 milliard dollarni tashkil qilgan. Orolda istiqomat qiluvchi amerikaliklar 2023 yil holatiga ko‘ra, 11 mingdan ortiqdir. Yosh demokratik davlat sifatida Tayvan AQSHning demokratik qadriyatlar va inson huquqlariga sodiqligi bilan Oq uyning “muhabbat”iga sazovor bo‘lgan. AQSH harbiy mulozimlariga ko‘ra, Tayvanning Xitoyga yaqin joylashishi uni mintaqadagi Xitoy ekspansionizmiga qarshi muhim tamponga aylantiradi. Bu orollar zanjiri uning tarkibidagi mamlakatlarning, xususan, Xitoyning dengiz kuchlarini cheklash uchun tabiiy to‘siq bo‘lib xizmat qiladi. Tayvanning birinchi orol zanjiridagi roli mintaqaviy barqarorlik va AQSH, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning mudofaa strategiyalari uchun juda muhimdir.

Ammo ko‘pchilik e’tibor qaratmayotgan yana bir nuqta mavjud. Dunyoda hukmronlik uchun kechayotgan keskin kurashda Oq uy rasmiy Pekinning konsentratsiyasini sochib yuborishdan manfaatdorligi bor gap. Tayvan esa Xitoyning fokusini jalb qilayotgan ulkan muammo vazifasini bajarishi mumkin. O‘z ichida o‘chirilishi kerak bo‘lgan uchqunga yog‘ sepish orqali Xitoyni global tirashuvdan chalg‘itish varianti AQSH siyosatidagi korchalonlar tomonidan uzoq vaqtdan buyon amalga oshirib kelinayotgan loyiha bo‘lish ehtimoli ham yo‘q emas. Bu orqali okean orti vakillari bugungi kunda o‘ziga yagona munosib raqib hisoblanadigan Xitoyni ichki muammolar bilan ko‘mib, raqobatsiz dunyo tartibiga qaytishi yomon o‘ylangan reja bo‘lmasdi.

Urush bo‘ladimi? Yoki hozir, yoki hech qachon.

2022 yil oxiriga kelib, Xitoy Tashqi ishlar vaziri va Rais Si Szinpin Xitoyning qayta birlashish istagini va uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan pozitsiyasini yana bir bor ta’kidladi. Ularning fikriga ko‘ra, Tayvan mustaqil davlat emas va u yerda “prezident” deb ataladigan shaxsning o‘zi ham yo‘q. Pekin yillar davomida Tayvan mustaqilligiga putur yetkazish uchun bir nechta taktikadan foydalanadi. Pekin Tayvanni diplomatik jihatdan izolyatsiya qilishga urinib, boshqa mamlakatlarga Taypey bilan rasmiy munosabatlarni tan olmaslik yoki davom ettirmaslik uchun bosim o‘tkazib keladi. Tayvanga nisbatan harbiy bosimni oshirgan holda, orol yaqinida surunkali tarzda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqa. Xitoy o‘zining bu tajovuzkorligi bilan Tayvan mustaqilligini yo‘qqa chiqarish va Pekin orbitasiga qaytarishga harakat qiladi.

Lekin Xitoy rasmiylarida Tayvanni qaysi usulda o‘z domiga tortish va qo‘shib olish to‘g‘risida savollar yoki dilemmalar bo‘lishi kerak. Birinchi variant bu – harbiy harakatlar orqali. Chunki Qo‘shma Shtatlar ayni damda Ukraina va Isroil masalalari bilan band bo‘lganda, Pentagon uchinchi gibrid frontni ochishi juda qiyinlashadi. Agar Xitoy Tayvanga qarshi yaqin vaqt ichida harbiy harakatlarni boshlasa, AQSH bu masalada ularga yordam bergan taqdrida ham Yaqin Sharq va Sharqiy Yevropadagi vaziyat tufayli Tayvanni qo‘llab-quvvatlash sifati juda past bo‘lishi mumkin. Shu sababdan rasmiy Pekin ixtiyorida juda kam vaqt bor. Bu o‘rinda ikkinchi – tinch yo‘l bilan birlashish varianti bugun samarasiz. Chunki ayni damda Tayvan iqtidoridagi “prezident” “progressiv demokratik partiya” vakili hisoblanadi. Bu partiya esa gomindanchilardan farqli o‘laroq Xitoy bilan munosabatlarda murosasiz tarzda faoliyat olib boradi. Vaqt juda qisqaligini hisobga olgan holda Xitoyda birgina harbiy yo‘l qolganini anglashimiz mumkin.

Biroq harbiy yo‘l ham muammosiz va xavfsiz emas. Mutaxasislar fikricha, Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi yaqin orada keng ko‘lamdagi mojarolarda qatnashmaganligi sabab urushga tayyor emas. Ustiga-ustak, Xitoy rahbariyati, agar ular Tayvanni kuch bilan egallashga harakat qilsalar, jiddiy sanksiyalar bilan yuzlashishi va xalqaro hamjamiyatdan yakkalanib qolishlari mumkinligini ham yodda tutishi lozim. Xitoy hukumati sanksiyalarning Rossiya iqtisodiyoti va xalqiga ta’sirini yaxshi biladi. Ammo Xitoy Rossiya emas. Bugun uni yakkalab qo‘yish xitoyliklardan ko‘ra, bu ishni qilganlarga juda katta salbiy ta’sir qiladi. Xitoyga nisbatan bunday qadamlar tashlashga ko‘p davlatlarning qurbi yetmaslik ehtimoli yuqori, chunki “dunyo fabrikasi”ning eshiklarini yopish yaxshilik bilan tugamaydi. Buni mojaro atrofidagi barcha tomonlar juda yaxshi anglab turishibdi.

Bundan tashqari, Si Szinpin bu borada ma’naviy to‘siqqa ham duch keladi. Tayvanga hujum qilish, Xitoy xalqiga hujum qilish sifatida talqin qilinishini bugun Pekindagi rasmiy doiralar juda yaxshi anglashadi. Bu murakkablik ularni harbiy va iqtisodiy oqibatlardan ko‘ra ko‘proq o‘ylantirishi mumkin. Lekin bu shunchaki sayoz taxmin, xolos.

Ammo barchaga ayon bo‘lgan haqiqat shuki, Xitoy rahbarlari Xitoy kommunistik boshqaruvining 100 yilligi nishonlanishi lozim bo‘lgan 2049 yilgacha Tayvanni Xitoyning bir qismiga aylantirish ishi yakunlanishini aniq ta’kidladilar. Bu yerdagi muhim nuqta shundaki, Xitoy o‘z oldiga qo‘ygan strategic maqsadlariga juda erta yetib borishi bilan dunyo hamjamiyatini lol qoldirib kelmoqda. Xususan, 2012 yilda Si Szinpin hokimiyat tepasiga kelganda “Xitoy orzusi” nomli strategiyani e’lon qilgandi. Unda Kommunistik partiyaning 100 yilligi nishonlanadigan 2021 yilga qadar o‘rtacha farovonlik darajasiga yetish, XXRning 100 yillik yubileyida esa (2049) dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatoridan joy olishi ko‘zda tutilgan edi. Lekin bu maqsadlarga ancha oldin yetib borildi. Shundan kelib chiqib, Tayvan masalasining ham hal bo‘lishi 2049 yilgacha kuttirmasligi mumkin.

Qo‘shma Shtatlar esa o‘z-o‘zidan yuqorida qayd etilgan shu va boshqa omillarni hisobga olgan holda harakat qilishi lozim. Oq uyning bu boradagi xatti-harakatlarida uning keyingi rejalarini taxmin qilish juda mushkul. Xususan, 2022 yilda Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi kabi yuqori martabali mulozimning tashrifi va katta hajmdagi harbiy yordamlar Qo‘shma Shtatlar Tayvan mustaqilligi uchun harakat qilishiga ishora qilsa, uning orol bilan diplomatik aloqalarining mavjud emasligi va munosabatlar norasmiy tusdaligi AQSHning bu masalada ma’lum darajada masofa saqlashni xohlayotganini bildiradi. Bu esa ilgari AQSH Xitoyning Tayvanga bo‘lgan tajovuziga qarshi “sovut” sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, endilikda bu himoya avvalgidek qat’iy emasdek taassurot uyg‘onishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun ayni sharoitda Xitoy rahbarlari AQSHning aralashishga qodir emas yoki xohlamasligini aniqlashlari kerak. Yaqinda Jo Bayden Xitoy orolda kuch ishlatsa, amerikalik harbiylar u yerga kiritilish ehtimolini istisno qilmadi. Biroq demokratlar yetakchisining hokimiyatdagi umri qisqarib bormoqda. Xitoy uchun Baydendan ko‘ra undan keyingi Oq uy egasining vaziyatga munosabati muhimroq. Bu esa Tayvan masalasida qaror qabul qilish vaqti yana ortga surilishi mumkinligidan dalolat beradi. Bu savolga javob topish ularni yakuniy qaror qabul qilishlarida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Xitoy rahbariyati bunday harakatning ichki ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va harbiy ta’sirlarini hisobga olishi lozim. Bunda Rossiya ular uchun yaxshigina parametr vazifasini bajaradi.

Ammo bu masaladagi asosiy hal qiluvchi nuqta AQSHning qarashlari va harakatlar rejasi qandayligidir. Amerikalik siyosatchilar va harbiy strateglar Chin o‘lkasining harbiy salohiyati, o‘zlarinikidan kam bo‘lmagan iqtisodi va eng qimmatli resurs hisoblangan aholisining potensiali haqida chuqur bosh qotirishi lozim. Chunki, agar ular Xitoy Tayvanga bostirib kirgan taqdirga orolni himoya qilishga qaror qilishsa, bu safar ularni yaralangan “qo‘ng‘ir ayiq” emas, balki daxshatli va borgan sari quturib borayotgan “ajdar” qarshi oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Tayvan'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing