Yangi rekord: Tokioda ketma-ket 34 kun tinmay yomg‘ir yog‘di

Olam

−

image

Yaponiya poytaxti Tokio markazida yomg‘ir 34 kundan beri ketma-ket yog‘moqda. Bu Yaponiya poytaxtida 1886 yildan beri qayd etilgan eng uzoq davom etgan yomg‘ir yog‘ishi hisoblanadi. Bu haqda Yaponiya meteorologiya agentligi ma’lumotlariga tayanib, “The Mainichi” xabar berdi.

Qayd etilishicha, avvalgi rekord 33 kun bo‘lgan. 2019 yil 27 iyundan 29 iyulgacha davom etgan yomg‘irlar o‘sha paytda eng uzoq yog‘ingarchilik sifatida qayd etilgan.

Hozirgi yomg‘irlar Yaponiyaning eng yirik oroli Xonsyu ustida uzoq vaqt saqlanib qolgan kuzgi yomg‘ir fronti sabab yuzaga kelgan. Bunga iliq va nam havo massalari hamda yaqinlashayotgan tayfunlar ham ta’sir ko‘rsatgan.

Joriy yilning 27 sentyabr holatiga ko‘ra, Tokio markazida bir oy ichida 621,5 millimetr yog‘ingarchilik qayd etilgan. Bu o‘rtacha oylik ko‘rsatkichdan qariyb uch baravar ko‘p. Biroq sentyabr oyida eng ko‘p yog‘ingarchilik 1958 yilda qayd etilgan. O‘shanda poytaxtda bir oyda 670,9 millimetr yomg‘ir yog‘gan.

Bugun, 30 sentyabr kuni ham Tokio va Yaponiyaning sharqidagi Kanto mintaqasining boshqa hududlarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, avgust oyida Tiba prefekturasida kuchli jala oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan, yana 1 kishi bedarak yo‘qolgan. Yomg‘irlar 1,5 mingdan ortiq uyga zarar yetkazgan, 709 ta uyni esa suv bosgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyada “Dujuan” tayfuni keltirgan kuchli yomg‘ir va shamollar oqibatida ko‘chkilar yuz berib, 4 kishi halok bo‘lgandi, yana 6 kishi bedarak yo‘qolgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing