Yangi lavozimga tayinlanganiga ko‘p bo‘lmagan sobiq hokim ishdan olindi

Jamiyat

image

17 avgust kuni Andijon shahrining obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan shaharning sobiq hokimi Dilmurod Rahmatullayev tayinlovdan ko‘p o‘tmay ishdan olindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Rahmatullayevning ishdan olinishiga sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammo sabab bo‘lgan. Shuning uchun u tegishli qaror bilan ishdan bo‘shatilgan.

Dilmurod Rahmatullayev turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Bir muddat viloyat xalq ta’limi boshqarmasini boshqargan. 2016-2019 yillarda Andijon shahriga hokimlik qilgan. Sobiq hokim 2017 yilning kuzida Andijon shahridagi qator ta’lim muassasalarining rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgani yozilgan audiosi tarqalib ketganidan so‘ng internetda mashhur bo‘lgandi va o‘sha yilning dekabr oyida sud qarori bilan eng kam ish haqining 30 barobari miqdorida jarimaga tortilgandi.

U 2018 yilning aprel oyida o‘tkazilgan videoselektorda shahar ko‘chalarini obodonlashtirish uchun byudjet tashkiloti xodimlari, jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini tadbirkorlardan gul va daraxt ko‘chatlarini ancha qimmat narxga sotib olishga majburlagani uchun bosh vazir tomonidan hayfsan olgan hamda oxirgi marotaba ogohlantirilgandi.

2019 yilning avgustida esa Dilmurod Rahmatullayevning videosi tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lgandi. 

“Bu Andijon shahri, viloyat va rahbariyatning obro‘siga putur yetkazish, deb o‘ylayman. Buni qoralayman, la’natlayman”, deya munosabat bildirgandi o‘shanda Rahmatullayev.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov sobiq hokim Dilmurod Rahmatullayev ishiga salbiy baho berib, uni ko‘p marotaba ogohlantirganini alohida ta’kidlagan. Keyinchalik u 30 ga yaqin holatda qonun talablariga zid hujjatlarni imzolagani aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon Dilmurod Rahmatullaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made