Yangi qonun davlat zo‘ravonlikka qarshi kurashayotganining jinoyatchilarga yaqqol ishorasi – Mirziyoyeva

Jamiyat

image

Bugun, 6 aprel kuni Oliy Majlis Senati tomonidan xotin-qizlar va bolalar huquq va erkinliklarini himoya qilishga doir qonun loyihasi ma’qullandi. Prezident administratsiyasi sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva ushbu qonun bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, kurash hamma uchun qiyin kechganini aytdi.

“Prezident imzolagach, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga kiritilayotgan ushbu o‘zgartirishlar kuchga kirsa, biz nihoyat tajovuzkorlarni javobgarlikka tortish orqali ayollarni oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qila olamiz”, deydi u.

Saida Mirziyoyeva endilikda voyaga yetmagan shaxs bilan aloqa jamoat xavfi bo‘lmagan jinoyatlar toifasidan og‘ir jinoyat qatoriga o‘tganini ta’kidladi.

“Biz voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilgan va qamoqdan qutulib qolmoqchi bo‘lganlar uchun bo‘shliqlarni yopamiz. Endi bu qilmish uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi. Bu esa davlat har qanday zo‘ravonlikka qarshi qat’iy kurashayotgani haqida jinoyatchilarga yaqqol ishora”, deydi Prezident administratsiyasi sho‘ba mudiri.

Shuningdek, Mirziyoyeva qonun bilan bog‘liq jarayonlarga aloqador bo‘lgan va qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorlik bildirib, bu o‘zgarishlar uchun harakatlar juda uzoq vaqtdan beri davom etayotganini hamda bu qiyin va uzoq yo‘lning hali boshlanishi ekanini urg‘ulagan.

“Biz ijtimoiy me’yorlarni, jamiyat sifatida o‘zimizni o‘zgartiramiz. Davlatning ijtimoiy xavfsizligini ta’minlash uchun hammamiz eng zaif qatlamlarni himoya qilishimiz shart”, deya so‘zini yakunlagan Saida Mirziyoyeva.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva xotin-qizlar qonun loyihasi voyaga etmagan shaxs

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing