“Tinchlik kengashi” – Trampning shaxsiy “ogorod”i bo‘ladimi?
Olam
−
10:28 1886 9 daqiqa
O‘tgan 2025 yilda, butun dunyoda tantana bilan qarshi olingan Misrning Sharm al-Shayx shahridagi G‘azo tinchlik sammiti qaysidir ma’noda Isroil va Hamas o‘rtasidagi mojaroga “parda tortgan” edi. O‘t ochishlar to‘xtatilib, asirlar o‘z yurtlariga qaytgach, insonlarda “urush yakuniga yetdi”, degan tasavvur uyg‘ongandi. Ammo dunyoning ko‘plab yetakchi davlatlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan ushbu yig‘ilishning xursandchiligi uzoqqa bormadi, biroz muddatdan so‘ng turli bahonalar bilan harbiy harakatlar qayta boshlandi.
Yangitdan boshlangan mojaro boshqa shov-shuvli voqealar fonidami yoki atay eslashdan qochilgani uchunmi, go‘yoki panada qolib ketgandek. Aclida esa otashkesimdan so‘ng ham halok bo‘lganlar soni ortishda davom etmoqda, G‘azoning turli burchaklarida harbiy harakatlar hali to‘xtagani yo‘q, ko‘plab xalqaro tashkilotlar hujumlar borasida yangi statistikalar chiqarmoqda.
AQSH Prezidenti Donal’d Tramp esa vanihoyat muammoni tan olgandek, kelishuvning ikkinchi bosqichiga o‘tishini e’lon qildi. Buni qarangki, yer sharining turli burchaklarida yangidan yangi mojarolarga sabab bo‘layotgan Tramp tinchlikni ta’minlashni va’da qiluvchi xalqaro tashkilot tuzishini e’lon qildi. Uning rahbarligida yangi Tinchlik kengashi tuzish boshlandi. Aftidan Tramp, tobora obro‘si tushib borayotan BMT faoliyatidan qoniqmayapti shekilli, endi butunlay o‘z nazoratida bo‘lgan xalqaro tashkilotni ta’sis etish payiga tushib qoldi. Xo‘sh ushbu Tinchlik kengashi nima va unga kimlar taklif etilgan?
Tinchlik kengashi nima?
2025 yilning 13 oktyabrida Sharm al-Shayx shahrida bo‘lib o‘tgan Tinchlik sammiti G‘azo urushini tugatish yo‘lidagi eng muhim diplomatik qadamlardan biri bo‘lgandi. AQSH, Turkiya, Qatar va Misr rahbarlari boshchilik qilgan ushbu sammitda yana 27 ta mamlakat va nufuzli xalqaro tashkilotlar ishtirok etgan edi. Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi, AQSH Prezidenti Donal’d Tramp, Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an “Trampning abadiy tinchlik va farovonlik deklaratsiyasi” deb nomlanuvchi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Ammo qizig‘i shundaki, urush olib borayotgan tomonlarning hech biri – na Isroil vakili va na Hamas vakili ushbu yig‘ilishda ishtirok etdi. Balki shu sabab ham muzokaralar natijasi kutilganidek bo‘lmagandir.
G‘azo masalasida ko‘zlangan tinchlikka erishilmagach, vujudga kelgan tanqidlar ortidan 10 dekabr kuni Donal’d Tramp, yangi yilda yangi Tinchlik kengashi tuzilishini e’lon qilgan edi. Va’da qilinganidek, 15 yanvar kuni Oq uy yangi “The Board of Peace”, ya’ni “Tinchlik kengashi” nomli tuzilma tashkil etilganini e’lon qildi.
“Men Tinchlik kengashi tashkil etilganini e’lon qilishdan juda ham mamnunman. Kengash tarkibi yaqin kunlarda e’lon qilinadi, biroq ishonch bilan ayta olamanki, bu istalgan joyda va istalgan vaqtda tuzilgan eng buyuk va eng nufuzli kengash bo‘ladi”, deya yozgan Tramp.
Dastlab G‘azo sektoridagi muammolarni hal qilish doirasida tuzilishi kerak bo‘lgan o‘tish davri hukumati, yangi rejaga ko‘ra, nufuzli xalqaro tashkilotga aylantirilishi mumkin. Ba’zi mutaxassislarning fikricha, Tinchlik kengashi amaldagi BMTning muqobili bo‘lishi ehtimoli mavjud. Buning isboti sifatida, e’lon qilingan Tinchlik kengashining nizomi ko‘rsatilmoqda. 13 bobdan iborat nizomni o‘qib shuni ilg‘ash mumkinki, bu shunchaki muvaqqat hukumat tuzilmasi emas, biznes-model asosida ishlab chiqilgan yangi xalqaro tashkilotdir.
Nizomning 1-moddasiga ko‘ra, Tinchlik kengashi – mojarolar ta’sirida bo‘lgan yoki ularning xavfi ostida qolgan hududlarda barqarorlikni targ‘ib qilish, ishonchli va qonuniy boshqaruvni qayta tiklash hamda mustahkam tinchlikni ta’minlashga intiluvchi xalqaro tashkilotdir. Kengash bunday tinchlik o‘rnatish vazifalarini xalqaro huquqqa muvofiq hamda o‘z Nizomi doirasida tasdiqlangan tartibda amalga oshiradi.
“Kengash tinchlikka intilayotgan barcha xalqlar va jamiyatlar tomonidan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan eng ilg‘or tajribalarni ishlab chiqadi va ommalashtiradi”, deb belgilangan nizomda.
Tinchlik rejasining ikkinchi bosqichi doirasida tuzilayotgan yangi kengashga bir vaqtning o‘zida juda ko‘plab davlatlar taklif qilingan. Nizomning a’zolik to‘g‘risidagi bobiga ko‘ra, kengashga a’zolik faqat rais tomonidan taklif qilingan davlatlar bilan cheklanadi. Taklif etilgan har bir davlatda 3 yil bepul a’zolik huquqi mavjud bo‘lib, kelgusida kengashning doimiy a’zosi bo‘lish uchun davlatlar 1 milliard AQSH dollari miqdoridagi bir martalik badal to‘lovni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.
Nizomga ko‘ra, kengashning yig‘ilishlari kamida yiliga bir marta hamda Rais tegishli deb hisoblagan vaqt va joylarda qo‘shimcha ovoz berish yig‘ilishlarini o‘tkazish belgilangan. Bunday yig‘ilishlarning kun tartibi Ijroiya Kengashi tomonidan belgilanishi yozib qo‘yilgan.
16 yanvarda Oq uy e’lon qilgan bayonotda yangi Tinchlik kengashining dastlabki ijrochi organi tarkibi e’lon qilindi.
- AQSH Davlat kotibi Marko Rubio;
- AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff;
- Donald Trampning kuyovi Jared Kushner;
- Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler;
- amerikalik milliarder Mark Rouen;
- Jahon banki prezidenti Adjay Banga;
- AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari Robert Gabriel.
Oq uyning aniqlik kiritilishicha, Ijroiya kengashining har bir a’zosi G‘azoni barqarorlashtirish va uzoq muddatli rivojlantirish bilan bog‘liq alohida yo‘nalishga rahbarlik qiladi. Asosiy vazifalar qatorida boshqaruv salohiyatini mustahkamlash, mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish, infratuzilmani tiklash, investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, keng ko‘lamli moliyalashtirish va kapital safarbarligi ko‘rsatilgan.
Yangi “tashkilot”ga raislik masalasi esa hech qanday saylovlar yoki muddatli o‘rin almashuvlarsiz, raisning ixtiyoriga bog‘liq holda davom etadi va keyingi rais ham voris tayinlash yo‘li bilan aniqlanadi. (Bamisoli qadimiy monarxiyalar kabi) Shubhasiz, dastlabki rais ham Donald Jon Trampning o‘zi bo‘lishi, hatto nizomda ham belgilab qo‘yilgan. Tramp ushbu nizomni 22 yanvar kuni Shveysariyaning Davosda bo‘lib o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumi doirasida tasdiqlashni rejalashtirmoqda.
Taklifnoma olganlar
Donald Tramp yangi xalqaro tuzulmaga a’zolar sonini oshirish ilinjida dunyo davlatlariga maktublar yo‘llashni boshlab yuborgan. Hindiston, Misr, Finlandiya, Belarusiya va Braziliya kabi Janubiy Amerika, Afrikaning qator davlatlari, Yevropa va Osiyoning yetakchi liderlari, allaqachon taklifnomalar qabul qilib oldi.
Taklif qilingan davlatlar qatorida Markaziy Osiyo mintaqasidan O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari ham borligi alohida ahamiyatlidir. Shubhasiz, bu so‘nggi yillardagi AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida intigratsiyalashuvning tobora yaxshilanib borayotganidandir.
Joriy yilning 19 yanvar sanasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Prezident Donald Trampdan Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va mojarolarni hal etish yuzasidan xalqaro tashabbusga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy taklif kelib tushdi. O‘zbekistonga Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilish taklif etilgan bo‘lib, kelgusidagi uzoq muddatli tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni shakllantirish yo‘lidagi harakatlarda birlashish taklif qilingan.
Bildirilishicha, O‘zbekiston rahbari amerikalik mavqedoshiga javob maktubini yo‘llab, unda O‘zbekiston Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga tayyorligini bildirgan. Prezident o‘z maktubida ushbu tashabbusga Yaqin Sharqdagi ko‘p yillik nizolarni hal etish, keng mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida qaralayotganini ta’kidlagan.
Markaziy Osiyoning yana bir davlati, Qozog‘iston Respublikasi ham Tinchlik kengashiga taklif etilgan. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston Yaqin Sharqda barqaror tinchlikni ta’minlash, davlatlararo ishonchni mustahkamlash va global barqarorlikni oshirishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanligini tasdiqlagan. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Ruslan Jeldiboy “Tengrinews”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Ha, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev dunyo yetakchilari orasida birinchi bo‘lib rasmiy taklif oldi va Qozog‘iston ushbu Tinchlik kengashining asoschilaridan biri bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Javoban, davlat rahbari AQSH Prezidentiga minnatdorchilik bildirilgan xat yo‘lladi va ushbu yangi tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha roziligini tasdiqladi”, degan Jeldiboy.
G‘azoda tinchlik o‘rnatish masalasidagi doimiy faollardan biri Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham birinchilardan bo‘lib taklifnoma oldi. Turkiya prezidenti kommunikatsiya departamenti rahbari Burhanettin Duran e’lon qilgan bayonotida ma’lum qilishicha, Erdo‘g‘an Trampdan 2026 yil 16 yanvardayoq taklif xatini qabul qilib olgan.
“BMT Xavfsizlik Kengashi 2803-rezolyutsiya orqali AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan G‘azodagi mojaroni tugatish bo‘yicha keng qamrovli rejani qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi. Buning bir qismi sifatida G‘azoda xavfsizlik va qayta qurishni ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan “Tinchlik Kengashi” va uning tuzilmalari tashkil etilmoqda”, deb yozgan Duran.
Tinchlik kengashiga taklif etilganlar ro‘yxatida Ukraina urushini boshlashga buyruq bergan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ham borligi qiziq holat. Tramp va Putin o‘rtasidagi chigal munosabatlar, Rossiyaning yangi xalqaro tuzilma a’zosi bo‘lishiga to‘sqinlik qilmadi. Balki bundan maqsad, Putin bilan Ukraina masalasida kelishib olish ham bo‘lishi mumkin, degan taxminlar ham yo‘q emas. “The Financial Times” nashrining yozishicha, Trampning Putinni taklif qilishiga u bilan muloqot va iliq munosabatlarni saqlab qolish istagi sabab bo‘lgan.
“Ha, Prezident Putin ham diplomatik kanallar orqali ushbu Tinchlik kengashi tarkibiga kirish bo‘yicha taklif oldi. Hozirda biz bu taklifning barcha tafsilotlarini o‘rganmoqdamiz va hamma nozik jihatlarni aniqlashtirish uchun Amerika tomoni bilan aloqalar bo‘lishiga umid qilamiz”, deydi Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov 19 yanvar kuni jurnalistlarga bergan intervyusida.
Ammo, bildirilgan taklif borasida hali Rossiya bir to‘xtamga kelgani yo‘q. Peskov Rossiya bu masalaning barcha nozik jihatlarini o‘rganib chiqishini ta’kidlagan.
Yana bir muhim jihat shundaki, dunyoning barcha davlatlari ham Trampning yangi ayrimlar tomonidan “pul-ishlash kompaniyasi” deya ta’riflanayotgan yangi tuzilmasiga qo‘shilishga rozi emas. Eng birinchilardan bo‘lib taklifnomani qabul qilib olgan Fransiya ma’muriyati Trampga rad javobini berdi.
“Bloomberg” nashri bergan xabarga ko‘ra, Fransiya Prezidenti Emanuel Makron yangi xalqaro tashkilot nizomi dastlab ko‘zda tutilganidek, faqat G‘azo sektori masalalari bilan cheklanib qolmayotganidan norozi ekanligini bildirgan va ta’sischi sifatida a’zo bo‘lish chaqiruvini rad qilgan.
Xulosa qilib aytganda, G‘azo sektoridagi muammolarni kompleks tarzda yechish maqsadida boshlangan harakatlar, BMTga raqobatdosh bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi xalqaro tashkilot vujudga kelishi bilan davom etishi mumkin. Ammo, bugungi gegemonlik kurashlari oqibatida xalqaro huquq deyarli “majruh” bo‘lib qolgan bir paytda, ushbu huquqlarga tupurib qo‘ygani bilan tanilgan inson asos solgan tashkilot qanchalik tinchlikni ta’minlay oladi degan savol dunyo hamjamiyatini o‘ylantirmoqda. Harxolda, Nobel olmagani uchun tilchlik haqida qayg‘urmasligini tan olgan Trampdan yana tinchlik o‘rnatishni kutish... Hokimiyatga kelish uchun “tinchlik o‘rnatish” g‘oyalaridan foydalanib, kursiga o‘tirgach tayinli mojaroni hal etolmagan Trampning bunday jimjimador nomlar bilan yangi tashkilot tuzishidan maqsad nima ekan endi?
Live
Barchasi