Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi
Jamiyat
−
22 mart 2019
7395O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tuzilishi haqida xabar bergan edik.
Hujjatga ko‘ra, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Agentlik qoshidagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etiladi.
Jamg‘armani shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasining TIF TN kodi 07 va 08 bo‘lgan tovar guruhlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilishdan tushgan bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) summasining 10 foiziga teng ajratmalar;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qoshidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil qilish markazi” DUKning ochiq savdolarida sotilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning boshlang‘ich bahosidan oshgan summaning 50 foizi;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlarining kreditlari (qarz mablag‘lari) va grantlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.
Jamg‘arma mablag‘lari jumladan, bog‘larda va issiqxonalarda irrigatsiya tadbirlarini o‘tkazish, suv yetkazib berish, artezian quduqlari, quduqlar va rezervuarlar barpo etish, suv yetkazib berish uchun nasos va quvurlar, suv saqlash uchun sig‘imlar xarid qilish uchun sarflanadi.