Yangi hokim Toshkentda bir hafta ichida gaz va “svet” bo‘lishini aytdi
Jamiyat
−
17 yanvar 2023 20101 1 daqiqa
Kecha, 16 yanvar kuni Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Rahmonov boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Ushbu majlisda Prezident huzurida energiya resurslari ta’minoti yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan Toshkent shahar hokimligi rahbarlariga bildirilgan jiddiy tanqid va e’tirozlardan kelib chiqib, vazifalar belgilab olindi.
Rahmonov boshchiligidagi mazkur yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev tomonidan qayd etilgan barcha kamchiliklar, avvalo, bugungi kunda dolzarb bo‘lgan elektr energiyasi va gaz ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etishga asosiy e’tibor qaratildi.
Majlisda bir hafta mobaynida barcha tumanlardagi mahallalarda aholining tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, sodir bo‘layotgan uzilishlarni qisqa vaqt ichida bartaraf etish vazifalari belgilab olingan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 yanvar kuni Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan energiya resurslari ta’minoti yuzasidan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni ishdan olganini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Ortiqxo‘jayev ogohlantirishlarga qaramay qishga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagan.
Ortiqxo‘jayev o‘rniga uning birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Baxtiyor Rahmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlandi.
Live
Barchasi