Yana Wildberries: bu safar Tverdagi ombor bombalandi
Olam
−
20:22 351 2 daqiqa
Rossiyaning Tver viloyatida havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari qaytargan dron qoldiqlari Wildberries logistika markazi fasadiga zarar yetkazdi. Bu haqda viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi Vitaliy Korolyov ma’lum qildi.
Korolyovning aytishicha, bugun, 6 avgust kuni Rossiya havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari mintaqa uzra uchuvchisiz uchish apparatlari hujumini qaytargan. Hujum oqibatida qulagan dron qoldiqlari Wildberries logistika majmuasi fasadiga yengil zarar yetkazgan. Hodisa vaqtida hech kim jabrlanmagan.
Shuningdek, Kalinin tumanida dron qoldiqlari bog‘dorchilik shirkatlari hududidagi bir nechta xo‘jalik inshootlariga ham shikast yetkazgan. U yerda ham jabrlanganlar qayd etilmagan.
Qayd etish joiz, Wildberries’ning logistika markazlari 18 iyuldan buyon muntazam dron hujumlariga uchramoqda. Bu hujumlar yong‘inlar, vayronagarchilik va inson qurbonlariga sabab bo‘lgan. 6 avgust holatiga ko‘ra, marketpleysning o‘nlab ob’ektlariga zarbalar berilgani va ayrimlari evakuatsiya qilingani ma’lum.
Jumladan, Tambov viloyatining Kotovsk shahrida konstruksiyalar qulashi va yong‘in oqibatida 7 kishi halok bo‘lgan, yana qariyb 25 kishi og‘ir jarohat olgan. Moskva viloyatining Elektrostal shahrida esa dron hujumi tufayli 100 ming kvadrat metrgacha maydonda yong‘in chiqqan va 57 kishi jabrlangan. Rossiya Tergov qo‘mitasi ushbu hodisalar yuzasidan “terrorchilik” moddasi bo‘yicha jinoyat ishlarini qo‘zg‘atgan.
20 iyul kuni xavf sababli Koledinodagi yirik logistika markazi evakuatsiya qilingan. 22 iyul kuni Krasnodar hamda Stavropol o‘lkasining Nevinnomissk shahridagi logistika majmualariga hujum qilingan. Keyingi hujumlar to‘lqinida Sankt-Peterburg (Shushari), Leningrad viloyati va Simferopoldagi ob’ektlar nishonga olingan.
Shuningdek, 2 avgust kuni Samara viloyatining Novosemeykino aholi punktidagi 130 ming kvadrat metrli taqsimlash markaziga ommaviy hujum uyushtirilgan. 4 avgustga kelib ombor to‘liq yonib ketgan, biroq o‘z vaqtida o‘tkazilgan evakuatsiya tufayli qurbonlar bo‘lmagan.
3 avgust kuni Vladimir viloyatining Xryastovo qishlog‘idagi kompaniyaning yirik logistika markazlaridan birida yong‘in chiqqan. 4 avgust kuni Leningrad viloyatining Krasniy Bor posyolkasidagi Wildberries ob’ektiga dron hujum qilgan.
Live
Barchasi